Alisher Sa‘dullayev





Alisher Zafar oʻgʻli Saʼdullayev (1994-yil 11-iyulda tugʻilgan) — Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirining birinchi oʻrinbosari, Oliy Majlisi Senatining aʼzosi, Yoshlar ishlari agentligi direktori va Oʻzbekiston shaxmat federatsiyasining raisi. 2021-yilda Mehnat shuhrati ordeni bilan taqdirlangan.


Alisher Saʼdullayev 2017-yilda Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning eʼtiboriga tushgan va talabalik chogʻida Xalq taʼlimi vazirining yoshlar masalalari boʻyicha oʻrinbosari lavozimiga prezidentning taklifi bilan tayinlangan. Keyinchalik turli yillarda Yoshlar ittifoqi raisining birinchi oʻrinbosari (2018—2019), raisi (2019—2020), Oʻzbekiston prezidentining yoshlar, fan, taʼlim, sogʻliqni saqlash, madaniyat va sport masalalari boʻyicha maslahatchisining birinchi oʻrinbosari (2019—2020) lavozimlarida faoliyat yuritgan. Alisher Saʼdullayev 2019-yilda Oʻzbekistonning yoshlar siyosatidagi pozitsiyasi va yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar mavzusida Birlashgan Millatlar Tashkiloti minbarida nutq soʻzlagan. 2021-yilda Germaniyaning München shahri kengashi bosh direktori Clemens Baumgärtner hamda „One Young World“ dasturi direktori Matthew Bellshow tashabbuslari bilan Münchenda oʻtkazilgan „One Young World“ sammitida ishtirok etdi.


Alisher Saʼdullayev 2022-yilning 8-avgust kuni Chennay shahrida oʻtkazilgan FIDEning navbatdagi Kongressida taqdimot qildi hamda 2026-yilgi Olimpiada mezbonligi uchun Oʻzbekiston nomzodi delegatlar tomonidan maʼqullandi.




Tarjimai holi



Alisher Saʼdullayev 1994-yil 11-iyulda Jizzax viloyatining Jizzax tumanida pedagog oilasida tavallud topgan. Bolaligi Jizzax viloyatining Jizzax tumanida oʻtgan. Jizzax tumanidagi 31-maktab hamda Jizzax shahridagi 2-sonli umumtaʼlim maktablarida oʻqigan.


2017-yilda Toshkent shahridagi Singapur menejmentni rivojlantirish institutini tamomlagan. Oliygohda ingiliz va rus tillarini mukammal oʻrgangan Alisher Sadullayev 2015—2017-yillarda Toshkent shahridagi „Result“ oʻquv markazi rahbari sifatida faoliyat yuritadi.


2017-yilda „Kamolot“ yoshlar ijtimoiy harakatining IV qurultoyida chiqish qildi va shu chiqishi tufayli Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan 2017-yil 30-iyunda Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi vazirining oʻrinbosari etib tayinlandi. Xalq taʼlimi vazirligidagi qisqa muddatli faoliyatidan soʻng, 2018-yilda Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi raisining birinchi oʻrinbosari etib tayinlandi. 2019-yil 29-avgustda Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi raisi etib tayinlandi.


Yoshlar tizimida koʻrsatgan xizmatlari inobatga olinib, 2020-yil 17-yanvarda Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan Senat aʼzosi etib tayinlandi va Oʻzbekiston tarixidagi eng yosh senatorga aylandi. 2020-yil 10-iyulda Oʻzbekiston Yoshlar ishlari agentligi tashkil etildi, Alisher Saʼdullayev agentlik direktori etib tayinlandi. U 2021-yil 30-iyun kuni „Yoshlar kuni“ munosabati bilan yoshlar siyosati borasidagi tashabbuslari va samarali faoliyati uchun „Mehnat shuhrati“ ordeni bilan mukofotlandi. 2022-yil 24-maydan Oʻzbekiston Shaxmat federatsiyasi raisi sifatida ham faoliyat yuritib kelmoqda.


2022-yilning 20-dekabr kuni Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatdagi vazirlik va idoralar soni 61tadan 28taga qisqartirilishini eʼlon qildi. Yoshlar ishlari agentligi yangi tashkil etilgan Yoshlar siyosati va sport vazirligi tarkibiga qoʻshib yuborildi. Vazir lavozimiga 54 yoshli Adham Ikromov tayinlandi. Alisher Saʼdullayev barcha lavozimlarini saqlagan holda, vazirning birinchi oʻrinbosari etib tayinlandi.



Faoliyati va loyihalari



„Result“ oʻquv markazi



2015-yildan 2017-yilga qadar Alisher Saʼdullayev „Result“ oʻquv markazi direktori sifatida asosan yoshlarning til oʻrganishiga va chet elda taʼlim olishga koʻmaklashish uchun faoliyat yuritgan.



Yoshlar ittifoqi



Alisher Saʼdullyev Yoshlar ittifoqi raisi etib tayinlanganidan keyin tizimda bir qancha yangiliklar kiritdi. Tashkilotga aʼzo boʻlish bekor qilinib, Oʻzbekistondagi barcha yoshlar Yoshlar ittifoqi aʼzosi hisoblanadigan boʻldi. Oliygohlarda tahsil olayotgan iqtidorli yoshlarga toʻlov shartnoma pulining maʼlum bir qismi Yoshlar ittifoqi tomonidan toʻlab beriladigan boʻldi.


Uning rahbarlik davrida tashkilotda volontyorlik faoliyatiga katta eʼtibor qaratildi. Buning natijasida 2020-yil koronavirus pandemiyasi davrida 10 ming nafar koʻngilli yoshlar 500 mingdan ortiq fuqorolarga yordam koʻrsatilishida faol ishtirok etdi. Shuningdek, Sardoba suv omborida yuz bergan suv toshqinida ham volontyorlar yordamidan keng foydalanildi. Volontyorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash maqsadida „Mehr-saxovat“ koʻkrak nishoni taʼsis etildi.


Yosh ijodkorlarni ragʻbatlantirish maqsadida "Duel" ijodiy tanlovi tashkil etildi. Yoshlarni kitobxonlikka jalb etish maqsadida „Yosh kitobxon“ koʻrik tanlovi ommalashtirildi.


Alisher Saʼdullayev 2019-yilda Oʻzbekistonning yoshlar siyosatidagi pozitsiyasi va yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar haqida Birlashgan Millatlar Tashkiloti minbarida nutq soʻzladi. Oʻzbekiston BMTning „Yoshlari strategiyasi — 2030“ni amalga oshirish boʻyicha tezkor rivojlanayotgan mamlakati sifatida tan olindi.



Yoshlar ishlari agentligi



2020-yil 10-iyulda Yoshlar ishlari agentligi direktori sifatida ish boshladi. Agentlikning asosiy vazifasi yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, yoshlar siyosati sohasidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish boʻlib, bu sohada Alisher Saʼdullayev tomonidan bir qator ishlar amalga oshirildi.


Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlari yagona ochiq portali orqali Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi tizimida 11 mingdan ortiq ochiq tanlov eʼlon qilib, tizimga munosib kadrlarni ishga qabul qilindi.


Alisher Saʼdullayev tashabbusi bilan yoshlar va davlat rahbari oʻrtasida ochiq muloqot qilish tizimi yoʻlga qoʻyildi, unga koʻra, 30-iyun Yoshlar kuni hamda „Yoshlar forumi“ doirasida prezident yoshlar bilan uchrashib ularning taklif va murojaatlarini eshitadi.


2021-yilda Germaniya Federativ Respublikasi Myunxen shahri kengashining bosh direktori Clemens Baumgartner hamda „One Young World“ dasturi direktori Mathew Bellshow tashabbuslari bilan Myunxen shahrida oʻtkazilgan „One Young World“ sammitida ishtirok etdi.


Ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar va ularning muammolari bilan ishlash boʻyicha yangi elektron tizim yoshlardaftari.uz platformasi yaratildi va u yordamida 784 ming nafar yosh „Yoshlar daftari“ga kiritildi. Yoshlarga yaratilgan yangi imtiyozlar boʻyicha yagona axborot manbai boʻlgan yoshlarportali.uz hamda 1093 call markazi faoliyati yoʻlga qoʻyildi.


Yoshlarni zamonaviy kasblarga jalb etish maqsadida „Bir million oʻzbek dasturchisi“ loyihasi doirasida kurslarni muvaffaqiyatli tugatgan yoshlarga kompyuter xaridlari uchun imtiyozli kredit ajratilishi va kredit foizlari kompensatsiya qilinishi yoʻlga qoʻyildi. 2022-yil 1-avgust sanasiga qadar 3 200 nafardan ziyod yoshlarga kredit ajratilgan.


Chet tilini oʻrganayotgan yoshlar uchun Imtihon topshirish xarajati kompensatsiya qilinadigan xalqaro imtihon tizimlari ishlab chiqildi va imtihon tizimida yuqori ball olgan 6 915 yoshlarning 12.4 mlrd imtihon xarajatlari toʻlab berildi.


Oliygohlarda toʻlov shartnoma asosida tahsil olayotgan 25 ming 533 nafar yoshlar uchun „Talabaga madad“ loyihasi 76 mlrd 600 million soʻm miqdorda shartnoma mablagʻlari toʻlab berildi.


Uning tashabbusi bilan „Oʻzbekiston uchun 100 gʻoya“ Respublika tanlovi yoʻlga qoʻyilgan. Tanlovning 100 nafar gʻoliblariga 10 mlndan hamda tanlovning respublika bosqichida ishtirok etgan 135 nafar yoshlariga 3 mlndan moddiy mablagʻ ajratilgan.


Yoshlar ishlari agentligi va „Najot Taʼlim“ markazi hamkorligida nogironligi boʻlgan yoshlarga bepul taʼlim berish, ularni zamonaviy kasblarga oʻqitish, IT sohasini jamiyatning har bir qatlamiga yetkazish maqsadida „IMKON“ loyihasi tashkil etildi. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining „Nogironligi boʻlgan yoshlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentlarini tasdiqlash toʻgʻrisida“gi qarori qabul qilindi, unga koʻra joriy yildan boshlab 500 nafar nogiron yoshlarga kasb-hunar va til oʻrganishlari uchun BHMning 50 barobari miqdorida subsidiya ajratib borish tizimi yaratilishi rejalashtirilgan.


Oʻz sohasida qiyinchiliklarga dosh berib, katta yutuqlarga erishgan yoshlar hayoti aks ettiriladigan „Chegarasiz“ loyihasi ishlab chiqildi.


Yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlar, milliy gʻurur va iftixor, bagʻrikenglik, bunyodkorlik, mehr-oqibat gʻoyalari ruhida tarbiyalash, baxshichilik va anʼanaviy ijro, opera, estrada yoʻnalishlarida ijod qilayotgan yosh isteʼdodlarni kashf etish, ularni qoʻllab-quvvatlash, katta sahnalarda oʻz sanʼatini namoyish etishi uchun keng yoʻl ochib berish maqsadida „Yoshlar ovozi“ respublika koʻrik tanlovi har yili Boʻzatov tumanida oʻtkazilmoqda.


Oʻzbekistonda tugʻilib voyaga yetgan hamda bugungi kunda xorijda muvaffaqiyat qozongan Oʻzbekistonliklar haqida yangi media loyiha „Oʻzbekistonlik“ nomidagi hujjatli filmi loyiha rahbari.




Xorijiy tillarni mukammal oʻzlashtirgan, salohiyatli va bilimli yoshlarni birlashtiruvchi „Ibrat“ tillar oromgohi har yili iyun — avgust oylarida tashkil etilishi yoʻlga qoʻyildi. 2021 — 2022 yillar oraligʻida 8 ta mavsum 2150 nafar trenerlar tayyorlandi.


Internet tarmogʻida Vikipediyaning oʻzbek tilidagi boʻlimida oʻzbek tilidagi maʼlumotlarni koʻpaytirish maqsadida WikiStipendiya marafoniga start berildi. Qisqa vaqt ichida oʻzbek tilidagi maʼlumotlar soni 20 mingtaga koʻpaydi va maqolalar soni boʻyicha reytingda 62-oʻrindan 56-oʻringa chiqildi.


Alisher Saʼdullayev ijtimoiy tarmoqlarda keng omma eʼtiboriga tushgan, 23 ming nusxada chop etilgan „Jadidlar“ toʻplami loyihasi muallifi hisoblanadi.



Oʻzbekiston Shaxmat federatsiyasi



Alisher Saʼdullayev 2022-yilning may oyidan Oʻzbekiston Shaxmat federatsiyasi raisi sifatida ish boshladi va bu qisqa vaqtda muvaffaqiyatlarga erisha boshladi. Dastlab, Shaxmat boʻyicha sovrin jamgʻarmasi 880 million soʻm boʻlgan ''Yoshlar ishlari agentligi kubogi" oʻtkazildi va yangi nomlar kashf etildi. Keyinchalik, Hindistonning Chennay shahrida oʻtkazilgan 44-shaxmat Olimpiadasida shaxmat boʻyicha Oʻzbekiston erkaklar terma jamoasi oltin medalni qoʻlga kiritib, Oʻzbekiston tarixda birinchi marta Butunjahon shaxmat Olimpiadasi chempioni boʻldi.


Shuningdek,  Alisher Saʼdullayev 2022-yilning 8-avgust kuni Chennay shahrida oʻtkazilgan FIDEning navbatdagi Kongressida taqdimot qildi hamda 2026-yilgi Olimpiada mezbonligi uchun Oʻzbekiston nomzodi delegatlar tomonidan maʼqullandi.


2022-yilning 5-avgust kuni shaxmatni yanada ommalashtirish va rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida Prezident Qarori eʼlon qilindi. Unga koʻra Oʻzbekistonda shaxmat boʻyicha yangi turnirlar tashkil qilinadi va shaxmatchilar tizimli ravishda ragʻbatlantirib boriladi.




Shaxsiy hayoti



Saʼdullayevning onasi uy bekasi, otasi esa oʻqituvchi. Turmush oʻrtogʻi Xafiza Saʼdullayeva fudbloger sifatida faoliyat yuritadi. Juftlikning ikki nafar farzandi bor — Sadia Saʼdullayeva va Hamida Saʼdullayeva.



Manbalar




Havolalar














uz.wikipedia.org

Uzpedia.uz