Alisher Navoiy masjidi (Hirot)
Alisher Navoiy masjidi — Afgʻonistondagi Hirot viloyatining markazida joylashgan masjid. XV asrning ikkinchi yarmida Alisher Navoiy tashabbusi bilan, uning mablagʻlari evaziga bunyod etilgan. XIX—XX asrlarda masjid binosi jiddiy zarar koʻrgan. 2020-yilda asliga monand qilib qayta tiklangan. Masjid Hirotning Guzargoh mavzeidagi Guzargoh kompleksida joylashgan.
Tarixi
Tarixdan maʼlumki, Alisher Navoiy Temuriylar saltanati tarkibida boʻgan Xuroson hududida koʻplab bunyodkorlik ishlarini amalga oshirgan. Saltanat poytaxti boʻlgan Hirot shahrida Alisher Navoiy boshchiligida, uning mablagʻlari evaziga mashhur inshootlardan: Ixlosiya va Nizomiya madrasalari, Xalosiya xonaqohi, Shifoiya shifoxonasi, jome masjidi yonida Dor ul hoffoz qorixonasi va boshqalar qurildi. Shular jumlasiga hozirda Alisher Navoiy nomi bilan ataluvchi masjid ham kiradi.
XIX—XX asrlarda Hirotda yuz bergan bir necha vayronagarchiliklar natijasida masjid binosiga jiddiy zarar yetgan.
2020-yilda Turkiya Hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligining (TICA) Hirotdagi vakolatxonasi tashabbusi va moliyaviy koʻmagi bilan masjid asliga monand qilib qayta tiklangan. Shu yilning oʻzida masjidning ochilish marosimi boʻlib oʻtib, unda Hirot viloyati va shahridagi davlat idora vakillari, shahar universiteti rektori va masjid joylashgan kompleksning rahbari ishtirok etishgan.
Meʼmorchiligi
2020-yilda masjidda amalga oshirilgan restavratsiya ishlari jarayonida, ustalar tomonidan gʻishtin va choʻbin bezaklar ishlangan.
Manbalar
uz.wikipedia.org