Alisher Hamroyev
Alisher Hamroyev (1976-yil, 2-yanvar, Kogon, Buxoro viloyati, OʻzSSR, SSSR — 2005-yil may, Toshkent, Oʻzbekiston) — oʻzbekistonlik taniqli kino va teatr aktyori. „Dilxiroj“, „Notanish polvon“, „Marjona“, „Yodgor“ kabi filmlardagi rollari bilan muxlislar eʼtiboriga tushgan.
Marhum aktyor „Ostona“ serialida ijro etgan roli uchun 21 yildan soʻng mukofotlangan.
Tarjimayi holi
Alisher Hamroyev 1976-yil 2-martda Oʻzbekiston SSR Buxoro viloyatining Kogon shahrida tugʻilgan. Oilada toʻngʻich farzand edi. Kogon shahridagi 7-sonli maktabni bitirgach Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat institutining drama va kino aktyorligi boʻlimini tamomlagan. Oliygohda u taniqli aktyor Uchqun Tillayev bilan kursdosh boʻlgan. Oliygohni tamomlagach, aktyorlik faoliyatini Oʻzbek milliy akademik drama teatrida boshlagan va oʻnlab spektakllarda ishtirok etgan. Sanʼat yoʻlidagi ilk ustozi Shamsiddin Yoʻlliyev. Unga Yoqub Ahmedov ham ustozlik qilgan.
Alisher Hamroyev tomoshabinlarga asosan kinodagi obrazlari orqali tanilgan. Kinodagi ilk rolini 1999-yilda „Oʻzbekfilm“ kinostudiyasida suratga olingan „Baxt qadri“ filmidagi epizodik rol bilan boshlagan. Uni kinoaktyor boʻlib shakllanishida Yusuf Roziqovning hissasi katta boʻlgan. U Bollywood va Hollywood aktyorlari bilan bir qatorda ishlashni orzu qilgan. Oʻzini „Alisherxon“ nomi bilan tanilishini istagan.
„Vatan ostonasi“ nomli filmning 2022-yilda boʻlib oʻtgan ilk ochiq premyerasida „Ostona“ serialida fidoyi chegarachi rolini ijro etgan marhum aktyor Alisher Hamroyev nomi ham eʼtirof etilib, u DXX chegara qoʻshinlari rahbaryati tomonidan taqdirlangan. Mukofotni marhum aktyorning farzandlari qabul qilib olishgan.
Vafoti
Alisher Hamroyev 2004-yilda kasal boʻlgan va 2005-yilning may oyida 29 yoshida oyog‘idan saratonga chalinganligi sababli vafot etgan.
Oilasi
Alisher Hamroyev 2001-yilda uylangan. Uning rafiqasi Dilnavoz Hamroyeva aktyorning oʻlimidan 3 yil oʻtib oqqon kasalligiga chalinib vafot etgan. Ulardan Madina Hamroyeva va Iskandar Hamroyev dunyoga kelishgan. Bolalar ota-onalari vafot etganidan soʻng xolasi Guloyim Mahmudova vasiyligiga berilib, uning qaramogʻida yashab kelishyapti.
Manbalar
uz.wikipedia.org