Ali ibn al-Madiniy
Abu al-Hasan Ali ibn Abdulloh ibn Jaʼfar al-Madiniy (778/161 — 849/234) — (arabcha: أبو الحسن علي بن عبد الله بن جعفر المديني) IX asrda yashagan sunniy islom olimi, hadis ilmining yirik namoyandasi.
Ahmad ibn Hanbal, Ibn Abu Shayba va Yahyo ibn Maʼin bilan bir qatorda, Ibn al-Madiniy koʻplab hadis mutaxassislari tomonidan ushbu sohadagi eng yirik toʻrt muallifdan biri deb eʼtirof etilgan.
Biografiyasi
Ibn al-Madiniy milodiy 778 (161-hijriy) yilda Iroqning Basra shahrida kelib chiqishi madinalik boʻlgan oilada tugʻilgan. Uning ustozlari orasida otasi Abdulloh ibn Jaʼfar, Hammad ibn Yazid, Hushaym, Sufyon ibn Uyayna va o‘z davrining boshqa olimlari bor edi. Ustozi Ibn Uyayna shogirdi Ibn al-Madiniydan koʻproq ilm oʻrganganini aytgan.
Ibn al-Madiniy hadis, jarh va taʼdil, roviylarning nuqsonlari, sanadlar, rivoyatlar zanjiri sohalarida ixtisoslashgan. U bu sohalardagi mahorati uchun ham zamondoshlari, ham shogirdlari, ham ustozlari tomonidan olqishlagan. O‘zidan oldingi olimlardan Abdurahmon ibn Mahdiy Ibn al-Madiniyni nabaviy hadislar bo‘yicha eng bilimdon kishi deb taʼriflagan.
Uning shogirdlari orasida o‘ziga xos taniqli muhaddislar uchraydi. Ular qatorida: Muhammad ibn Yahyo az-Zuhaliy, Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy, Abu Dovud Sulaymon ibn al-Ashʼas as-Sijistoniy va boshqalar. Zahabiy Ibn al-Madiniyni imom va hadis sohasida keyingi olimlarga namuna boʻlgan olim sifatida eʼtirof etgan.
Ibn al-Madiniy 849-yil iyun oyida (234-yil zul-qaʼda) Iroqning Samarro shahrida vafot etgan.
Asarlari
Navaviyning qayd etishicha, Ibn al-Madiniy 200 ga yaqin asar yozgan. Ulardan baʼzilari ilgari uchramagan yangi yoʻnalishlarda yozilgan.
Manbalar
uz.wikipedia.org