Al-Hohiy





Al-Abdariy, Abu Muhammad al-Hohiy (arabcha: العبدري، أبو محمد الحاحي — Muhammad ibn Muhammad ibn Muhammad ibn Ali ibn Ahmad ibn Mas’ud Abu Abdulloh (Abu Muhammad) al-Abdariy al-Hohiy) — sayohatchi, tarixchi, qozi va faqih.




Hayoti



Abu Muhammadning al-Hohiy nisbasi Mag‘ribning Suvayra shahridan 60 km uzoqlikda joylashgan Hoho shahriga nisbatan aytilgan. Al-Abdariy nisbasi Quraysh qabilasidan Bani Abduddor ibn Qusay ibn Kilobga borib taqaladi. U Marokashda qozidan taʼlim olgan. Mashhur shoir va tanqidchi adib bo‘lib tanilgan.


Abu Muhammad al-Hohiy haj qilish maqsadida 688/1289-yillarda ukasi Yahyo bilan sayohatga chiqadi. U safarini Shimoliy Afrika orqali Mag‘ribning Tilmison shahridan boshlaydi. So‘ng, Jazoir, Tunis va Tripolida bo‘ladi. Shuningdek, Iskandariya va Qohiradan o‘tib, Uqba (Iordaniyaning janubidagi shahar)ga va karvon bilan birga Hijozga kirib boradi. U yerdan Makka va Madinaga jo‘naydi. Safar nihoyasida Falastin orqali o‘z yurtiga qaytadi. Quddusda besh kun bo‘lib, Badruddin ibn Jamoaning ilmiy majlislarida qatnashadi. Bir muddat Iskandariyada bo‘lganidan so‘ng, Mag‘ribdagi o‘z shahriga qaytadi.


Abu Muhammad al-Hohiy mazkur safari davrida bir qator olimlar bilan uchrashib, ilmiy majlislarda ishtirok etgan. U Muhammad ibn Solih al-Kinoniy ash-Shotibiydan Abu Amr ad-Doniyning "Al-Muvatto", „At-Taysӣr“ va "Al-Muqannaʼ" asarlaridan, Hasan ibn Muhammad at-Tib­liydan (Tunisda) Ibn Asfur ash-Shib­liyning " Al-Muqarrab fi-n-nahv" kitobidan, Abu Jaʼfar al-Lubliydan (Tunisda) Abu Amr ad-Doniyning "Al-Muvatto", "Jāmi’ at-Tirmizӣ" va " Qasӣda ash-Shātibӣ fi-l-qirāat" kitobidan, Abu Abdulloh ibn Hurayradan " Vafayāt al-mashāhӣr" kitobidan, Abu-l-Abbos al-Gʻammozdan (Tunisda) "Jāmi’ al-Buxārӣ", „Al-Muvatto“, „Sahӣh Muslim“ , „Sunan Abӯ Dāvud“ va "Jāmi’ at-Tirmizӣ" asarlaridan taʼlim olgan. Abdussalom ibn Muhammad al-Basriy as-Samardan Madinada bir qancha hadis eshitib, omma ijozasiga erishgan.



Asari



Abu Muhammad al-Hohiyning "Ar-Rihla" („Safarnoma“) asarida tekisliklar, tog‘lar, daryo va dengizlar, yovvoyi hayot sahnalari, shahar va yodgorliklarning tavsifi, Iskandariya mayog‘i, Misr ehromlari va Qubbatus-sahro kabi joylar haqida maʼlumotlar keltirilgan. Shuningdek, u asarda iqtisodiy, ijtimoiy va ilmiy sharoitlarni  ham tasvirlagan. O‘sha davr mashhur olimlarini tilga olgan. Shular qatori, o‘z hissiyotlarini sheʼrlari orqali bildirgan.


Gʻarblik sharqshunoslar, jumladan, fransuz sharqshunosi Sherbuno "Ar-Rihla" asari maʼlumotlarga boy manba ekanini eʼtirof etgan.


Abu Muhammad al-Hohiyning "Ar-Rihla" asarining qo‘lyozma nusxasi Misrning „Dor al-kutub al-Misriyya“ kutubxonasida 2218 raqam ostida saqlanadi. Shuning­dek, mazkur asar 1968-yilda Marokashdagi Muhammad al-Xomis universitetida Muhammad al-Fosiy tomonidan tadqiq etilib, nashr etilgan.



Adabiyotlar




Manbalar















uz.wikipedia.org

Uzpedia.uz