Al-hafaja




Al Hafaja - arab-ispan adabiyoti vakili. 1058–1138-yillarda yashab, ijod etgan.



Hayoti



Tabiat manzaralarining mohir ifodachilaridan yana biri Ibn Hafaja bo‘lgan. Uning laqabi al-Jannan bo‘lib, bog‘bon degan ma’noni bildirgan. U al-Sira shahrida tug‘ilgan. Ispaniyaning eng go‘zal viloyatlaridan biri – jonajon Valensiya tabiati shoir uchun bitmas-tuganmas ilhom manbai bo‘lgan. Ibn Hafaja nima yozsa ham – madhiyami yoki marsiya – tabiat mavzui ularda albatta mavjud bo‘lgan. Shoir sharqiy arab she’riyatining qoliplaridan foydalanishga moyil bo‘lsa-da, uning kuzatuvchanligi va ifoda shakli Ibn Hafaja tavsiflarini Andaluziyaning keyingi avlod shoirlari uchun namunaga aylantirgan. Ibn Hafaja she’rlarida Andaluziya ko‘z o‘ngimizda gullab-yashnayotgan bogʻ sifatida namoyon bo‘ladi. Uning tinchligi va go‘zalligini faqat bo‘ronlargina vaqtincha buza oladi.



Ijodi



XII asrdan boshlab arab-ispan adabiyoti asta-sekin tanazzulga uchray boshlaydi. Al-Moraviylar va al-Mohadiylarning Ispaniyaga bostirib kirishi arab podsholiklari siyosiy mustaqilligini yo‘qotishiga va Andaluziya Mag‘rib davlatining viloyatiga aylanishiga olib keldi. Bir vaqtlar bo‘lgan aqliy va diniy toqatlilikdan asar ham qolmadi. Mosarablar (arabcha so‘zlashuvchi nasroniylar) Andaluziyadan quviladilar. Mutaassib berber lashkarboshilari dastlabki islomning «soddaligi» va «pokligi»ni tiklashga intilib, ajoyib me’moriy inshootlarni vayron qiladilar, «bid’at» deb e’lon qilingan kitoblarni yoqadilar.
Berberlarning Ispaniyadagi istilolari ilgari saroy she’riyati gullab-yashnagan muhitning yo‘qolishiga olib kelgan. Afrika hukmdorlari arab tilini yaxshi bilmaganlar va ularning qarorgohlarida nozik arab-ispan she’riyatini ko‘pchilik tushunmagan. Shu bois asta-sekin saroy shoiri tipi yo‘qolib borgan. Buning o‘rniga oddiy xalq orasidan tinglovchilar va qadrlovchilarni izlovchi hamda ular bilan shahar lahjasida so‘zlashuvchi sayyor shoirlar paydo bo‘lgan. XI asr oxiri va XII asrning birinchi yarmida xalq tilidagi she’riyat keng tarqaldi. Klassik she’riyatning barcha nozik tomonlarini bilmagan va ko‘pincha ikki-uch tilda (arab tilining Andaluziya lahjasida, berber va roman tillarida) so‘zlagan keng aholi qatlamlari orasida lahjada yozilgan she’rlar mashhur bo‘lgan. Zajal nomli strofik she’riyat eng ko‘p tarqalgan. Zajal tuzilishiga ko‘ra muvashshahga juda o‘xshab ketgan. Dastlabki ikki she’r (qofiyalanuvchi yarim she’rlarga bo‘linmaydigan muvashshahdan farqli o‘laroq) asarning o‘lchami va asosiy qofiyasini belgilab bergan. So‘ngra har birida bir xil sondagi she’rlar bo‘lgan (to‘rttadan o‘n ikkitagacha) va yagona qofiyaga 5–9 band keladi. Har bir bandning faqat oxirgi she’rigina dastlabki ikki (kirish) she’ri bilan qofiyalashgan.



Manbalar









uz.wikipedia.org

Uzpedia.uz