AL-ASMO al-HUSNO



AL-ASMO al-HUSNO (Arabcha – go’zal ismlar) — Allohning ismlari bo’lib, mazmunan uning sifatlari, fazilatlarini ifodalaydi. Qur’onda Allohni shu ismlar bilan yodga olish buyuriladi: “Allohning go’zal ismlari bordir. Bas, Uni o’sha ismlar bilan chorlanglar (yod etinglar), uning ismlarida Haqdan og’ib (noo’rin joylarda ularni qo’llaydigan mushrik) kimsalarni tark qilinglar” (“A’rof” surasi, 180-oyat); “Alloh, deb chorlangiz, yoki Rahmon — mehribon, deb chorlangiz. Qanday chorlasangizlarda (joizdir). Zero, u zotning go’zal ismlari bordir” (“Al-Isro” surasi, 110-oyat). Bu ismlar — 99 ta. Ular musulmon ilohiyotida muhim o’rin tutadi. Alloh ismlari ko’p duolarda qo’shib aytiladi. So’fiylar o’z zikrlarida ham bu ismlarni kamolatga erishishning timsoli sifatida ishlatadilar. Allohni va uning ismlarini iloji boricha ko’proq eslab turish taqvodorlik namunasi hisoblanadi. Odatda tasbih donalari soni Alloh ismlari soni bilan tengdir. Al-Asmo al-Husnodan duoxonlar tumorlar sifatida foydalanishadi. Musulmon ilohiy adabiyotida Alloh ismlarini talqin qiluvchi risolalar ko’p, ismlar ro’yxati duo to’plamlaridan joy olgan. Nomlarning aksariyati Abdurahmon, Abdusamad (“Allohning quli”) kabi eng keng tarqalgan ismlarning tarkibiy qismi hisoblanadi. Qur’oni Karimning “Hashr” surasida (22-24-oyatlar) “Alloh go’zal ismlari”ning qisqa ro’yxati bor: ar-Rahmon, ar-Rahim, al-Malik, al-Quddus, as-Salom, al-Mu’min, al-Muhaymin, al-Aziz, al-Jabbor, al-mutakabbir, al-Xoliq, al-Bori’, al-Musavvir. Boshqa hamma ismlar Qur’onning turli joylarida uchraydigan Alloh sifatlaridan kelib chikadi va ular bilan bog’langan fe’llaridan hosil bo’lgan. 99 ta ism ro’yxati Abu Hurayra (601-679) rivoyat qilgan hadisda bor, ana shu hadisga ko’ra, Muhammad (sav) 99 raqamini keltirganlar va har kim Alloh taoloning mazkur ismlarini birma-bir aytib chiqsa, albatta jannatdan joy ato qilinadi, deganlar. Boshqa hadis to’plamlarida ham Al-Asmo al-Husno ro’yxati keltiriladi.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi

Uzpedia.uz