AKBAROV
AKBAROV Asqarali Odamshoyevich (1951.2.10, O’sh viloyati Yangiyo’l tumani karavon qishlog’i) — naqqosh, O’zbekiston Respublikasi xalq ustasi (2000). T. To’xtaxo’jaevning shogirdi. R. Yoqubov, J. Hakimov, M. Usmonovlar bilan birga ishlab hunar o’rgangan. M. Uyg’ur nomidagi Toshkent san’at institutini tugatgan (1995). 1975 yildan Qo’qon badiiy ishlab chiqarish ustaxonasida naqqoshlar brigadasi boshlig’i, 1982 yildan Namangan badiiy ustaxonasi amaliy san’at brigadasi boshlig’i, 1989 yildan Namangan viloyat o’lkashunoslik muzeyida san’at bo’limi boshlig’i, 1998 yildan O’zbekiston ba Namangan viloyati badiiy ijodkorlar uyushmasi rahbari. Akbarov ijodida an’anaviy naqqoshlikni rivojlantirdi, binolar bezagida naqqoshlik bilan ganch va yog’och o’ymakorligini uyg’un holda qo’lladi, unutilib ketgan kundal uslubini tikladi. Kursi, xontaxta, guldon, lagan kabi buyumlarni nafis ranglarda bezaydi. Milliy va zamonaviy binolar bezagida islimiy va girih mujassamotidan keng foydalanadi. Namangan (“Paxtaliko’l” sanatoriysi, viloyat o’lkashunoslik muzeyi va boshqalar), Toshkent (“Moviy gumbazlar” choyxonasi, xalqlar do’stligi saroyi va boshqalar) va boshqa viloyatlarda, xorijda 60 dan ortiq jamoat binolarini bezadi.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz