Akbarali Ochilov





Akbarali Umaraliyevich Ochilov  (1958-yil 3-iyun, Toshkent viloyati, Yangiyoʻl) — oʻzbek radiorejissyori va qoʻshiqchisi. „Kelasanmi derdim“ qoʻshigʻi oʻzbeklar orasida ancha mashhur.




Yoshligi



1958-yil 3-iyunda Toshkent viloyati Yangiyoʻl shahrida tugʻilgan. Yoshligidan buvisi (Sanobar ismli ayol) tarbiyasini olib voyaga yetgan. Yoshlik yillari uni „Oleg“ deb atashgan. Oilasi bilan birga 1964-yilda Toshkentga koʻchib kelgan.



Faoliyati



Akbarali Ochilov maktabda oʻqib yurgan vaqtlarida dastlabki qoʻshiqlarini yoza boshlagan. Toshkent sanʼat institutiga oʻqishga kirgan. 1979-yilda „Toshkent radio uyi“ga ishga kirgan. U yerda Qurbonali Usmonov rahbarligida faoliyat yuritgan. „Radio uyi“da murabbiylik ham qilgan. Akbarali Ochilov Oʻzbekiston radoisi bolalar va oʻsmirlar muharririyati boʻlimida faoliyat olib borib, koʻpgina shogirdlarni tarbiyalagan: Yashnar Xudoyberganov, Burxon Sharipov, Nazira Inoyatova, Shomahmud Shorasulov, Nazira Qoʻziboyeva va boshqalar.



Ijodi



Akbarali Ochilovning gitara yordamida kuylagan dastlabki qoʻshiqlari „Dunyo goʻzal“ (Sabri Sadiy sheʼri) va „Sevgi desam“ (Hamid Olimjon sheʼri) nomli qoʻshiqlardir. 1987-yilda efirga chiqib, Oʻzbekiston televideniyasi tarixida alohida ahamiyatga ega boʻlgan „3-studiya“ koʻrsatuvining ijodkorlari jurnalist Oktyabr Moʻminov, Furqat Zokirovlar bilan birga Akbarali Ochilov ham faol mehnat qilgan va tomoshabinlar eʼtiborini tortgan.



Qoʻshiqlari



Akbarali Ochilovning birinchi qoʻshigʻi „Qizgʻonadi koʻngil seni“ deb nomlangan. Akbarali Ochilov rus va oʻzbek tillarida qoʻshiqlar yozgan. Akbarali Ochilov „Huzurbaxsh oqshomlar“, „Bir bir roʻyo“, „Assalom navbahor“, „Binafshani sogʻindim“, „Bir hamdard istar koʻngil“, „Hayoling-la oʻtadi tunlar“, „Qizgʻonadi koʻngil seni“, „Mayli“, „Dunyo goʻzal“, „Oy (Oqib ketma Kema)“, „Odamlar“, „Kechir meni“, „Qaldirgʻochlar“, „Bolaligim“, „Ertaga oʻzga“, „Muhabbat“, „Yigʻlatdim oʻzni“, „Sogʻinchlarimni“, „Men kelaman“, „Yoshlik chogʻimda“ qoʻshiqlarini mahorat bilan ijro etgan xonanda hisoblanadi. Uning qoʻshiqlari 1980-yillarda radiolarda yangray boshlagan va koʻplab tinglovchilar qalbini zabt etgan. „Yulduzingni ber, osmon“ filmi uchun uning „Kelasanmi derdim“ qoʻshigʻi soundtrek sifatida tanlab olingan.



Ijodkor haqida



„Hayot gʻoʻzal unda qish, bahor, yoz, kuz fasllari bor.Odamlar oʻzi hayotni murakkablashirib yuradi“, — deydi Akbarali Ochilov. Akbarali Ochilov oʻtgan asrning 90-yillarida „Kelasanmi“, „Qizgʻonaman“, „Xazonrezgi“ kabi qoʻshiqlari bilan odamlar eʼtiborini tortgan sanʼatkor hisoblanadi. „Oʻtgan yillarimga achinmayman, hamma bir yoʻlga, maqsadga turli yoʻllardan boradi. Meni tanlagan yoʻlim shu boʻldi“, — deydi qoʻshiqchi Akbarali Ochilov.



Manbalar




Havolalar









uz.wikipedia.org

Uzpedia.uz