Ahmed Abdallah
Ahmed Abdallah Abderemane (arabcha: أحمد عبد الله عبد الرحمن, Ahmad Abd Allah Abd ar-Rahman, 12-iyun 1919-yil – 26-noyabr 1989-yil) Komor orollarining mashhur siyosatchisi. 1959-1973-yillarda Fransiya Senati aʼzosi va 1978-yil 25-oktyabrdan 1989-yilgacha (oʻlimigacha) Komor orollari prezidenti boʻlgan.
Prezidentlikdan oldingi hayoti
Abdallah Anjouan orolidagi Domoni shahrida tugʻilgan. U 1940-yillarda Komor orollari hali Fransiya tarkibida boʻlganida davlat ishlarida paydo boʻla boshlagan. 1949-yildan 1953-yilgacha davlat umumiy kengashi raisi, 1970-yillarda esa deputatlar palatasining raisi boʻlgan.
Birinchi prezidentlik
1972-yilda Abdallah Komor orollarining hukumat kengashi prezidenti va Bosh vaziri boʻldi; u bu lavozimda 1975-yil 6-iyulgacha, Komor orollari Fransiyadan mustaqil boʻlgunga qadar xizmat qildi. Abdallah mustaqil orollarning birinchi prezidenti boʻldi, biroq 1975-yil 3-avgustda davlat toʻntarishida Said Mohamed Jaffar tomonidan agʻdarildi. Jaffar ham, oʻz navbatida, 1976-yilda Ali Soilih tomonidan taxtdan agʻdariladi.
Ikkinchi prezidentlik
Abdallah (surgunda Fransiyaning Parij shahrida yashagan) 1978-yil 13-mayda yollanma Bob Denard tomonidan uyushtirilgan toʻntarishning nominal rahbari boʻlgan. Said Atthoumani oʻn kun davomida „Harbiy-Siyosiy Boshqarma raisi“ boʻlib ishlagandan soʻng Abdallah va Mohamed Ahmad bu unvonlarini egalladilar. 22-iyulda ularning unvonlari „Boshqarma raislari“ ga oʻzgartirildi va 3-oktyabrda Abdallah yagona raisga aylandi. Abdallah aslida „qoʻgʻirchoq rahbar“ boʻlib, oʻzi qaror qabul qilish huquqiga ega emas edi va Komor orollarining haqiqiy hukmdori Prezident Gvardiyasi qoʻmondoni boʻlib xizmat qilgan Denard boʻlgan.
25-oktabrda Abdallah 2-marta Prezident unvonini oldi va unga qarshi qilingan uchta davlat toʻntarishi urinishlariga qaramay, oʻlimigacha oʻz lavozimida qoldi. 1982-yilda Abdallah barcha partiyalarni tugatdi va yangi partiya, „Taraqqiyot uchun Komor orollari Ittifoqi“ (UCP) tuzildi. Komor orollari bir partiyali davlatga aylandi. UCP yagona qonuniy partiya boʻlib, rejim diktaturaga aylandi. Mamlakat yollanma askarlar tomonidan nazorat qilindi va turli toʻntarish urinishlari oldi olindi. Bu davrda rejimning baʼzi muxoliflari qatl qilindi yoki yoʻq boʻlib ketdi. Saylovda ishtirok etishga ruxsat berilgan yagona nomzod Ahmad Abdallah 1984-yil 30-sentyabrda qayta saylandi va uning partiyasi 1987-yil 22-mayda Federal Majlisdagi barcha oʻrinlarni qoʻlga kiritdi. Bu vaqt ichida Denard Komor orollaridagi eng yirik yer egasiga aylanib, Komor orollari iqtisodiyotini talon-taroj qilishni davom ettirdi va barcha eng yaxshi yerlarni egallab oldi. Keyinchalik u
bu joylarni tropik iqlimdan bahramand boʻlishni istagan badavlat Gʻarb sayyohlari uchun hashamatli mehmonxona kurortlariga aylantirdi.
Suiqasd
1989-yil 26-noyabrda Abdallah oʻzining Moronidagi ofisida bahs boʻlayotgan vaziyatda otib oʻldirildi. Odatda, Denard Abdallahni Prezident gvardiyasi qoʻmondoni lavozimidan chetlatishga uringani uchun oʻldirgan, deb ishoniladi.
1999-yilda Parijda Abdallahning oʻldirilishi boʻyicha sudda Denard Abdallahni Ali Soilihning oʻgay akasi Said Mohamed Johar boshchiligida qilingan davlat toʻntarishi paytida Abdullah Jaffar tomonidan oʻldirilganini daʼvo qildi. Denard dalil yoʻqligi uchun oqlandi, chunki sudya ayblovchilar tarafidan faqat Denard Abdullahning oʻldirilishi ortida turganligi toʻgʻrisidagi shartli ish koʻrsatildi, deb hisobladi. Djohar ertasi kuni mamlakatni qoʻlga oldi. Denard Djoharning prezidentlik lavozimini egallashiga toʻsqinlik qilmoqchi boʻldi. Ammo bu safar Denardning harakatlarini sharmandalik deb bilgan Fransiya Denard va uning yollanma askarlarini Komor orollaridan olib chiqish uchun harbiy kuchlarni yubordi.
Manbalar
uz.wikipedia.org