Ahloq evolyutsiyasi
Axloq evolyutsiyasi tushunchasi odamzotning tadrijiy rivojlanishi jarayonida shakllangan xulq-atvor tizimini nazarda tutadi. Axloqni to‘g‘ri va noto‘g‘ri xatti-harakatlar haqidagi g‘oyalar tizimi sifatida ta’riflash mumkin. Kundalik hayotimizda axloq boshqa mavjudotlarga nisbatan, ko‘proq inson xulq-atvori bilan bog‘lanadi. Evolyutsion biologiya, xususan, evolyutsion psixologiyaning rivojlanayotgan tarmoqlari bahsiga ko‘ra, odam ijtimoiy xulq-atvori murakkabligiga qaramay, axloqning rivojlanish jarayoni, ko‘plab boshqa ijtimoiy hayvonlarning xulq-atvori bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Inson xulq-atvorini sotsiobiologik jihatdan tushuntirish esa hamon munozarali. Boshqalar, jumladan, faylasuf Sem Xarris ahloqning ob’yektiv ilmi mavjudligi ustida bahs yuritsada, sotsiologlar, an’anaviy ravishda, axloqni konstruksiya* sifatida talqin qiladilar, shuningdek, u madaniy jihatdan ham nisbiy hisoblanadi.
Hayvonotning ijtimoiylashuvi
Garchi, inson nazdidagi axloqiy xulq-atvorga ega bo‘lmasa-da, barcha ijtimoiy hayvonlar to‘dada hayot kechirish uchun xulq-atvorini o‘zgartirishi yoki cheklashiga to‘g‘ri keladi. Shu o‘rinda, chumolilar, asalarilar va termitlar jamoalarini misol keltirish mumkin. Birgina chumolilar koloniyasi millionlab individlardan tarkib topadi. E. O. Uilsonning ta’kidlashicha, steril (bepusht) ishchi kastasining mavjudligi chumolilar koloniyasining eng muhim muvaffaqiyat omili sanaladi. Urg‘ochi ishchilar kastasi qirolichaning ehtiyojlariga bo‘ysunadi va shu tariqa, ular koloniyaning yangi a’zolarini parvarishlash jarayonida o‘zining reproduktiv (nasl qoldirish) imkoniyatidan mahrum bo‘ladi. Steril kastalar, juftlashish raqobatiga ham sezilarli darajada barham beradi, natijada esa koloniyada o‘zaro birdamlik rivojlanadi.
Bu muhim ahamiyatga ega, boisi yolg‘iz chumoli uchun uzoq vaqt mobaynida jon saqlash va nasl qoldirishi imkonsiz. Birdamlik tufayli koloniyalar hatto o‘n yillar mobaynida rivojlanishi mumkin. Chumolilar sayyoradagi turlarning eng muvaffaqiyatlisi bo‘lish bilan birga, odamzot bilan ham raqobatlasha oladigan biomassani tashkil qiladi. To‘da bo‘lib yashashning asosiy afzalligi shundaki, bunda a’zolarning yashovchanligi va ko‘payish imkoniyati ham ta’minlanadi. Sut emizuvchilarning ijtimoiy xulq-atvori insoniyatga ancha yaqin bo‘lib, bir vaqtlar faqat insongagina xos deb hisoblangan empatiya va altruizmni hatto primatlar va fillarda ham uchratish mumkin.
Primatlar ijtimoiylashuvi
Insoniyatning eng yaqin qarindoshlari shimpanze va bonobolar bundan 4 — 6 million yillar avval yashagan odamlar bilan umumiy ajdodga ega. Shu sababli, ular mazkur ajdod uchun eng yaxshi surrogat (o‘rnini bosuvchi) hisoblanadi. Barbara Kingning ta’kidlashicha, primatlar, inson nazdidagi axloqqa ega bo‘lmasa-da, ularda axloq evolyutsiyasi uchun zarur bo‘lgan ba’zi xususiyatlarni kuzatish mumkin. Bular yuqori intellekt, ramziy/ishoraviy muloqot qobiliyati, ijtimoiy me’yorlarni his qilish, “men”ni anglash va uzviylik. Frans de Vaal va Barbara Kingning fikricha, inson axloqi aynan primatlarning ijtimoiylashuvi asosida shakllangan. Shuningdek, Maykl Shermer nazarda tutgan premoral mayllarni primatlar, delfin va kitlarda ham kuzatish mumkin. Olimning ta’kidlashicha, quyidagi xususiyatlar nafaqat odamlar, balki hayvonlar, asosan yirik maymunlarda ham mavjud:
bog‘lanish va munosabat o‘rnatish; hamkorlik va o‘zaro yordam; xayrixohlik va hamdardlik; to‘g‘ridan-to‘g‘ri va bilvosita munosabat; altruizm va ikki tomonlama altruizm; nizolarni hal qilish va tinchlik o‘rnatish; aldov va yolg‘onni aniqlash; jamoatchilik tashvishi va boshqalarning o‘zi haqidagi fikriga qiziqish; shuningdek, guruhning ijtimoiy qoidalaridan xabardorlik va ularga munosabat bildirish.[1]
Shermerning ta’kidlashicha, bu premoral hislar, primat jamoalarida individual xudbinlikni cheklash va ko‘proq hamkorlik guruhlarini tashkil etish usuli sifatida rivojlangan. Har qanday ijtimoiy tur uchun altruistik guruhning bir qismi bo‘lish, individualizm afzalliklaridan ustun bo‘lishi lozim edi. Guruhda o‘zaro birdamlikning yo‘qligi esa, tashqi xavflar ta’sirida tuzilmaning zaiflashuviga sabab bo‘ladi. Guruh tarkibida bo‘lish, avvalo, ozuqa topish imkoniyatini oshiradi. Bu asosan, xavfli va katta o‘ljani tutish uchun to‘da bo‘lib ov qiladigan hayvonlarda yaqqol namoyon bo‘ladi.
Barcha ijtimoiy hayvonlar, har bir a’zo o‘z o‘rnini biladigan, jamoalarga ega. Ijtimoiy tartib — o‘rnatilgan xulq-atvor qoidalari asosida ta’minlanadi, hukmron qatlam esa ijtimoiy tartib barqarorligini jazo vositalari orqali nazorat qiladi. Biroq, yuqori darajali primatlar ham o‘zaro munosabat o‘rnatish hissiga ega. Masalan, shimpanzelar kim ularga yaxshilik qilganidan tortib, zarar keltirganlargacha eslab qoladi va shu bilan birga, avval ularni parvarish qilganlar bilan ozuqa almashishi ham mumkin. Ko‘rshapalaklar ham o‘zaro munosabat va altruizm hissini namoyish etadi. Ular qonni qayd qilish orqali turdoshlari bilan bo‘lishadi, biroq bu barcha ko‘rshapalaklarga nasib etadi, degani emas. Ular, odatda, ozuqaga muhtoj bo‘lgan paytlarida ko‘mak berganlar bilangina shunday munosabatda bo‘ladi.
Kapuchin maymunlari va itlar ham adolat hissini tushuna olishi bilan birga, bir xil xulq-atvor uchun adolatsiz taqsimlangan rag‘bat evaziga hamkorlikdan bosh tortadi.
Shimpanzelar o‘rtacha 50 ta a’zodan iborat jamoalarda yashaydi. Odamlarning dastlabki ajdodlari ham xuddi shunday yashagani taxmin qilinadi. Ovchi-termachilar jamoalarining hajmiga asoslanib, so‘nggi paleolit gominidlari bir necha yuz kishidan iborat to‘dalarda yashagan. Insoniyat evolyutsiyasi jarayonida jamiyat kengayib borgani sari, to‘dada o‘zaro birdamlikka erishish zaruriyati ham ortib boradi. Axloq ham o‘z o‘rnida, 100 — 200 kishigacha bo‘lgan mazkur jamoalar, ijtimoiy nazorat, nizolarni hal qilish va guruhlar birdamligini saqlash vositasi sifatida rivojlangan bo‘lishi mumkin. Ushbu son chegarasi bizning genlarimizda ham mustahkam kodlangan, deb taxmin qilinadi, sababi zamonaviy dunyoda ham mazkur son chegarasi ortib ketgudek bo‘lsa, odamlar orasida barqaror ijtimoiy munosabatlarni saqlab qolish bir qancha muammolarni yuzaga keltiradi. Doktor de Vaalning so‘zlariga ko‘ra, inson axloqi primat jamiyatlarida uchramaydigan, takomilning ikki qo‘shimcha sathiga ega. Odamlar o‘z jamiyatining axloq me’yorlarini, mukofot, jazo va obro‘-e’tiborni oshirish vositasi sifatida qo‘llaydilar. Ular, shuningdek, hayvonot olamida uchramaydigan, mulohaza yuritish va asoslash imkoniyatiga ega.
uz.wikipedia.org