AFROSIYOB



AFROSIYOB — mifologik obraz. 1) Avestoda Frangxrasyan deb atalgan. Avestoda Afrosiyob shohlik ilohiy martabasi — farn (Xvarno)ni qo’lga kiritish uchun mifologik Vorukasha dengizi tubiga tushishga ahd qiladi va bunda Anaxitadan yordam so’raydi. Lekin u bu iltimosni rad etadi. Frangxrasyan ust-boshini yechib dengiz tubiga 3 marta sho’ng’iydi, ammo harakati zoye ketadi. Avestoda u samarasiz harakat qilayotgan afsonaviy obraz sifatida namoyon bo’ladi. Bu mavzu Avestodan “Shohnoma”ga ham o’tgan. Lekin Afrosiyobning Eron podshohlari bilan jangga kirishuvi — ya’ni Eron bilan Turonning mifologik raqobati g’oyasi Avestoda yo’q. Afrosiyobni Eron shohlarining dushmani qilib ko’rsatish g’oyasi yozma adabiyotga birinchi bo’lib Firdavsiy “Shohnomasi” orqali kirgan. U Faridun (Traetaona)ning Tur ismli o’g’lidan tarqalgan shajaraga mansub. Otasining ismi — Pashang. Bu talqinda Firdavsiy zamoni uchun muhim bo’lgan turk davlatchiligi va eroniy davlatlar o’rtasida tarixiy yuzma-yuz turish — harbiy siyosiy muxoliflik o’z aksini topgan. Shu bilan Afrosiyobning ilohiy oliy baxt, hokimiyat ramzi — farn ilinjidagi mifologik shaxs qiyofasi tarixiylik kasb etgan. Mifologik tasavvurdan o’sib chiqqan adabiy an’ana, ya’ni Afrosiyob Turon podshohi degan tushuncha tufayli xalq orasida Samarqandning qadimiy qo’rg’oni, Toshkentdagi Mingo’rik xarobalari, Buxorodagi Romitan qo’rg’oni kabi yodgorliklarni uning nomi bilan bog’lash hanuz saqlangan. 2) turkiy yozma yodgorliklarda Afrosiyob epik qahramon To’nga Alp Er (Yusuf Xos Hojibda), Alp Er To’nga (Mahmud Koshg’ariyda) bilan bir shaxs qilib ko’rsatilgan. Bu qiyoslanish har ikki obrazni Turon bilan bog’liqligi tufayli yuzaga kelgan. Ba’zi olimlar (A. Abdurahmonov) Afrosiyobni tarixiy shaxs deb hisoblaydilar. Aslida Afrosiyob va Alp er To’nga miflari orasida katta tarixiymadaniy tafovut va anaxronizm mavjud. Afrosiyob ibtidoiy tafakkurning mifologik hosilasi, Alp er tunga esa Turk davlatchiligi davrlarining umumlashmasi sifatida alohida o’rganilishi lozim. 3) Turkiy xalqlar bobokaloni, turkiylar podshosi, Bahodir, Jahongir yo’lboshchi. Qoraxoniylar va Saljuqiylar o’z shajaralarini Afrosiyob dan boshlaganlar. Turli yozma manbalarda Afrosiyob haqidagi ma’lumot turlicha. Masalan, “Buxoro tarixi” (Narshaxiy)da Afrosiyob 2000 yil yashagan afsungar, kuyovi Siyovushning qotili, Romitan qal’asi bunyodkori va, nihoyat, Siyovush qasosi uchun o’g’li Kayxusrav tomonidan o’ldirilgan deb ko’rsatiladi. Mirsodiq Ishoqov.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi

Uzpedia.uz