AEROIONOTERAPIYA



AEROIONOTERAPIYA (Aero… va Yunoncha ion — keluvchi, terapiya) — havo ionlari bilan davolash usuli. Bunda maxsus asboblar — aeroionizatorlar ishlatiladi; ular yordamida havoda ko’plab aeroionlar hosil qilinadi. Aeroionlar nafas yo’llari va o’pka alveolalaridagi o’z kontsentratsiyasi va zaryadiga qarab, o’pka interoreseptorlari — sezuv nervi uchlarining qo’zg’aluvchanligini o’zgartiradi. Bu yerda hosil bo’lgan impulslar bosh miya markazlariga boradi, so’ngra a’zolarga tegishli signallar yetib keladi. Aeroionlar o’pka alveolalari devoridan qonga o’tib, o’z zaryadini qon oqsillari va hujayra elementlariga beradi. Natijada qon va boshqa suyuqliklarda (masalan, orqa miya suyuqlig’ida) elektr zaryadlarining miqdori o’zgaradi, bu hol Markaziy va vegetativ nerv sistemasining faoliyatiga, pirovardida, organism faoliyatiga foydali ta’sir etadi. Aeroionoterapiya ta’sirida to’qimalarda moddalar almashinuvi va oksidlanish-qaytarilish jarayonlari tezlashadi, kislorod bilan ta’minlash kuchayadi. Aeroionoterapiya odatda boshqa davo tadbirlari bilan birga qo’llaniladi. Aeroionoterapiyadan bronxiol astma, gipertoniya, uzoq vaqtgacha bitmaydigan yarachaqalarni va boshqa kasalliklarni davolashda foydalaniladi. Aeroionoterapiya umumiy tarzda qo’llanilishi yoki havo oqimi faqat jarohat, yaraga yo’naltirilishi mumkin. Aeroionoterapiyaning bir qadar mukammal usuli— gidroaeroionoterapiya Toshkentdagi salomatlikni tiklash va fizioterapiya ilmiy tadqiqot institutida keng qo’llaniladi.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz