AEROFAGIYA
AEROFAGIYA (Aero… va Yunoncha phagein — yutmoq) — havo yutish. Ovqat yutganda qisman havo yutish tabiiy hol. Lekin quruq havo yutishga odatlanish kasallikka sabab bo’ladi. Odatda shoshib va gaplashib turib ovqat yeyish, ba’zan ko’p so’lak ajralishi natijasida Aerofagiya ro’y beradi. Surunkali gastrit, kolit, me’da yarasi va gipotoniyasi, koronar tomirlar kasalligi, aorta anevrizmasida ham paydo bo’lishi mumkin. Emadigan bolalarning quruq teshik so’rg’ich so’rib yurishi ham Aerofagiyaga sabab bo’ladi. Yutilgan havoning bir qismi kekirganda chiqib ketadi, qolgani me’dani shishiradi, ichakka o’tib, faoliyatini izdan chiqaradi, peristaltikasi buziladi, bemor qayt qilib, qorni og’riydi; bola ishtahasi yo’qolib, ozib ketadi. Psixiatriyada Aerofagiya nevrozning ayrim turlarida kuzatiladi. Davosi: psixoterapiya, so’lak, balgam yutmaslik, ovqatlanayotganda gapirmasdan oz-ozdan ovqat yeyish, me’dada ko’p turib qoladigan ovqat yemaslik, gazli ichimliklar ichmaslik tavsiya etiladi. Bolalarga so’rg’ichni quruq so’rdirmaslik, havo yutishga odatlanishga yo’l qo’ymaslik, qorin shishib og’riganda bolaning holatini o’zgartirib, havoni chiqarib yuborish chorasi ko’riladi.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz