ADOLAT



ADOLAT — ijtimoiy-falsafiy, axloqiy va huquqiy tushuncha. Kishilar ijtimoiy-siyosiy ongida katta rol o’ynaydi. Muayyan ijtimoiy guruhlar va ayrim shaxslarning tushunchalarini o’zida aks ettiradi. Siyosiy xatti-harakatlar, huquq va burch me’yorlari, axloqiy munosabatlar, mehnat va taqdirlanish, jinoyat va jazo, xizmat va uni tan olish, qadr-qimmatni e’tirof qilish va hokazoga mazkur tushuncha orqali baho beriladi. Adolat tushunchasi muayyan tarixiy shart-sharoit va ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar bilan belgilanadi. Adolatning ijtimoiy-falsafiy jihati jamiyat a’zolarining xilma-xil munosabatlaridagi o’zaro tengligini nazarda tutadi. Axloqiy jihati insonlararo muomalada bir xil munosabatda bo’lishni, bir-birining izzat-nafsiga tegmaslikni, axloq-odob qoidalariga amal qilishni bildiradi. Adolatning huquqiy tomoni qonunlarga rioya etishni, siyosiy tomoni esa davlatni adolat qoidalari asosida boshqarishni, fuqarolar g’amini eyishni anglatadi. Rivojlangan jamiyatda Adolat kishilarning demokratik qonunlar asosida ish yuritishini taqozo etadi, unda har bir odam o’z mehnati, tadbirkorligi, aql-zakovati tufayli topgan mol-mulki hisobiga yashaydi. Davlat o’z faoliyatida fuqarolar tomonidan Adolat qoidalari va qonunlarga amal qilinishini nazorat etadi, jamiyat a’zolarining mol-mulki daxlsizligi va qonun oldida tengligini ta’minlaydi.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi

Uzpedia.uz