ADAJIO



ADAJIO (italyancha adagio — sekin, vazmin) — 1) musiqada — sekin sur’at, andantedan sekin, lekin largo, lentolardan jonli; 2) shu ijro uslubida yaratilgan musiqiy asar yoki turkumli shakl qismi. Ba’zi mumtoz simfoniyalar muqaddimasi Adajio sur’atida yozilgan (I. Gaydn, V. Mosart, L. Betxoven va boshqalar). O’zbekiston kompozitorlari ijodida Adajio kup uchraydi. Masalan, M. Tojiyevning kamer orkestri uchun “Adajio” 3 simfoniyasidagi 1-qismining boshlang’ich bo’lagi, 4 simfoniyasining 4-qismi Adajio sur’atida; 3) baletda ohangdor, mayin taraluvchi musiqa jo’rligida, ko’pincha, ohista harakatlardan tuzilgan, bir yoki ikki kishilik nafis lirik raqs. Ba’zan mustaqil raqs parchasi (Pa-de-dyo, Pa-detrua, Pa dak-son, Gran Pa); Ikrom Akbarovning “Orzu” baletida katta Adajio, M. Ashrafiyning “Sevgi tumori” baletida Adajio qismlari mavjud; 4) asosan muvozanatni saqlashga yordam beradigan ohista, sekinlashtirilgan mashqlardan iborat yevropacha mumtoz raqs mashg’ulotining bir qismi.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi

Loyiha rivoji uchun hayriya qiling: 9860 3501 4465 8134. @Shaka_rj
Maqsad sun'iy intellekt javoblarini ko'paytirish

Uzpedia.uz