ADABIYOT MUZEYI
ADABIYOT MUZEYI, Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi (Toshkent shahri) — madaniy-ma’rifiy va ilmiy muassasa. 1940 yilda Alisher Navoiy tavalludining 500 yilligi munosabati bilan Respublika ko’rgazmasi tariqasida tashkil topgan. 1944 — 68 yillarda O’zbekiston Fanlar Akademiyasi til va adabiyot instituti bo’limi, 1968 — 78 yillarda O’zbekiston Fanlar Akademiyasi adabiyot muzeyi, 1978 — 91 yillarda O’zbekiston Fanlar Akademiyasi H. S. Sulaymonov nomidagi qo’lyozmalar institutining muzey bo’limi. 1991 yildan O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Adabiyot muzeyi. Muzey ekspozistiyasi 40 xonaga joylashgan, 8 bo’limdan iborat. Jamlanmasida qariyb 34 ming ko’rgazma bor (1997). Muzeyda o’zbek adabiyotiga oid asarlar, qo’lyozma va toshbosma kitoblar, xalq hofizlarining ovoz yozuvlari, naqqoshlik san’atiga doir ko’rgazmalar (yog’ochdan ishlangan panjara, A. Fayzullaev, 1968), 10-asrga oid sopol buyumlar mavjud. Muzey ko’rgazmalari Temuriylar davri ekspozitsiyasi bilan, o’zbek adabiyoti tarixi ekspozitsiyalari esa Alisher Navoiy ijodidan boshlangan: “Xamsa”ning qo’lyozma, foto va ko’chirilgan nusxalari, dostonlarga ishlangan miniatyuralar, rasm va bezaklar, shoir hayotiga oid portretlar, haykallar, xarita, kitob, har xil sovg’a va albomlar, lagan, ko’zachalar bor. Buxorolik 14 qiz tomonidan Navoiy, Farhod va Shirin, Layli va Majnun rasmlari zar bilan tiqilgan gilam (1968) muzeyga alohida ko’rk bag’ishlaydi. Jomiy xonasiga shoir asarlarining turli davrda ko’chirilgan nusxalari qo’yilgan. Muzeyning boshqa xonadagi ko’rgazmalari orasida Hofiz, Nizomiy, Firdavsiy, Xusrav Dehlaviylarning bir qancha qo’lyozmalari bor. Bobur hayoti va ijodiy faoliyati haqidagi ko’rgazmalar ichida “Bobur haykali” (haykaltarosh A. Grishchenko, 1968) va ipak bilan tikilgan “Bobur portreta” (chevar F. Saydaliyeva, 1974) alohida o’rin tutadi. Muzeyda Zebunniso, turdi, Nodira, Uvaysiy, Mahzuna va boshqalar she’rlaridan namunalar, qo’lyozmalar va asarlariga ishlangan tasvirlar, namoyonlar bor. Muzeyning hozirgi zamon adabiyotiga bag’ishlangan xonalariga “20-asr o’zbek adabiyoti”, “Istiqlol davri o’zbek adabiyoti” ekspozitsiyalari joylashtirilgan. 200 dan ortiq o’zbek shoir va yozuvchilari ijodiy yo’lini yorituvchi ko’rgazmalar qo’yilgan.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz