Across the Universe
„
Across the Universe “ (tarjimasi „Olam boʻylab“) — „The Beatles“ ingliz guruhi ijro etgan qoʻshiq. Qoʻshiqni John Lennon yozgan va ijro etgan, ammo muallif oʻlaroq Lennon–McCartney koʻrsatilgan. Dastlab 1969-yil turli xonanda qoʻshiqlari kiritilgan „No One's Gonna Change Our World“ terma albomida eʼlon qilingan, keyinchalik oʻzgartirilgan shaklda „The Beatles“ guruhining 1970-yil chiqarilgan yakuniy albomi boʻlmish „Let It Be“ albomiga kiritilgan. Ilk versiya 1978-yil Buyuk Britaniyada, 1980-yil AQShda „Rarities“ nomli albomlar bilan ham chiqarilgan. Shuningdek, qoʻshiq 1988-yil guruhning „Past Masters“ albomining ikkinchi qismiga ham kiritilgan.
Lennoning soʻzlariga koʻra, u qoʻshiqni 1967-yilda oʻsha paytdagi rafiqasi Cynthia Powell unga koʻp gapirib, uxlab qolganidan keyin yozgan. Qoʻshiq Lennon hamda guruh transsendental meditatsiyaga qiziqa boshlagan davrda yozilgan. Xususan, taronada sanskritcha „Jai guru deva om“ (जय गुरुदेव ॐ) misrasi mavjud boʻlib, uni turlicha talqin qilish mumkin. Frazani soʻzma-soʻz „Ilohiy xudoga gʻalaba“ yoki „Ilohiy guruga olqish“ oʻlaroq oʻgirish mumkin.
2008-yilning 4-fevralida NASA „Across the Universe“ qoʻshigʻining 40 yilligi, Deep Space Network tarmogʻining 45 yilligi hamda NASAning 50 yilligi munosabati bilan taronani Yerdan 431 yorugʻlik yili masofada joylashgan Polaris yulduziga yuborgan. Bu insoniyat tarixida qoʻshiq atayin kosmosga yuborilgan ilk holatdir. Ushbu gʻoyani Paul McCartney, Yoko Ono hamda Apple Corps qoʻllagan.
„Across the Universe“ qoʻshigʻining guruh ijrosidagi bir necha versiyasi mavjud. Shuningdek, taronani bugunga qadar bir necha xonanda kaver qilgan. Xususan, 1975-yil David Bowie taronani ijro etib, oʻzining „Young Americans“ albomiga kiritgan. Bowie kaverini yozib olishda Lennon qatnashib, gitara chalgan va qoʻshimcha vokal kuylagan. 2021-yilda esa „Evanescence“ rok-guruhi qoʻshiqni kaver qilgan.
Manbalar
Snoskalar
Adabiyotlar
Havolalar
uz.wikipedia.org