Abulfayzxon





Abulfayzxon (1695—1747) — Buxoro xoni (1711—1747), oʻzbeklarning Ashtarxoniylar sulolasidan.


Subhonqulixonning oʻgli. Abulfayzxon davrida xonliklararo nizolar kuchaygan, mamlakat chuqur iqtisodiysiyosiy tanazzulga yuz tutgan. Nodirshoh qoʻshinlarining Movarounnahrga qilgan yurishlari (1747) natijasida Abulfayzxon taxtdan agʻdarilib, qatl etilgan. Fitrat Abulfayzxon haqida „Abulfayzxon“ dramasini yaratgan (1924).




Buxoro xonligi hukmdori



Tarixchi A. Jumanazarovning Abu Abdurahmon Abdullohning „Tarixi Buxoro va tarjumat ul-ulamo“ asariga tayanib Abulfayzxonni 10 yoshda taxtga oʻtirganligini keltiradi. Xonning hokimiyatga kelishi akasi Ubaydullaxonga uyushtirilgan suiqasddan soʻng roʻy bergan.


Abulfayzxon davrida mamlakatda hukm surgan siyosiy betartiblik Buxoro xonligidan ajralib chiqib, Qoʻqon xonligi deb nomlangan yangi davlatning tashkil topishiga olib keldi. Davlat hokimiyati amalda Muhammad Hakimbiy qoʻlida toʻplangan. Shahrisabz hukmdori, Kenagas qabilasining amiri Ibrohimbiy hokimiyatni Muhammad Hakimbiy qoʻlidan tortib olmoqchi boʻlib, 1722-yilda Samarqandda Xiva shahzodasi Rajabni xoni deb eʼlon qildi. Koʻplab amirlar qoʻshilgan Rajabxon katta qoʻshin bilan Samarqanddan chiqib, Buxoroga yurish qildi. Biroq u Buxoroni egallay olmadi, bosib olingan hududlarda koʻchmanchilarga boy oʻlja vaʼda qilib, qozoqlardan yordam soʻradi. Oʻsha paytda qozoqlar ogʻir kunlarni boshidan kechirayotgan edi. Qozoqlar Movarounnahrning boy hududlarida yetti yil davomida hech qanday qarshilikka duch kelmay, butun Zarafshon vodiysida vayronagarchiliklar qildilar, mamlakatni taladilar. 1730-yilga kelib ular hududni tark etishdi. Abulfayzxon davlat boshqaruvini qoʻlga olish uchun Muhammad Hakimbiyni poytaxt Buxorodan yiroqlashtirib, Qarshiga joʻnatadi.



Tashqi siyosati



Abulfayzxon hukmronligi davrida Turkiya, Rossiya va boshqa koʻplab mamlakatlar bilan diplomatik aloqalar olib borgan.



Usmonlilar imperiyasi bilan diplomatik aloqalari



Abulfayzxon hukmronligi davrida 1719-yilda Usmonli davlati poytaxti Istanbulga elchi qilib qoʻriqchiboshi Olloberdini yuborgan. Abulfayzxon elchi bilan yuborgan maktubida shunday yozilgan edi: „Otamdan qolgan taxtni islom anʼanalariga koʻra xalq manfaatlarini ustun qoʻyib boshqarmoqdamiz. Sizga boʻlgan hurmatimiz kundan-kunga ortmoqda. Elchimiz ahvolimiz haqida yanada koʻproq maʼlumot beradi“. Usmonli humdor Ahmad III Abulfayzxonga javob tariqasida bir maktub yuboradi. Ahmad III maktubda shunday yozadi: „Elchingiz orqali yuborgan maktubingizni oldik. Oʻqib juda quvondik. Doʻstligimizning boqiy boʻlmogʻi uchun harakat qilamiz“. 1720-yilda ikkinchi marta Abulfayzxon Xoʻja Muhammad boshchiligidagi elchilarni Istanbulga yuboradi. Bu davrga kelib, Ashtarxoniylar sulolasi inqiroz yoqasiga kelib qolgan edi. Hech bir tashqi kuch ushbu sulolaning saqlab qolinishda yordam qoʻlini choʻza olmadi. Abulfayzxon uchinchi marotaba 1721- yilda Abdusamiy Yasovulxonni Usmonli imperiyasiga elchi qilib yuborgan. Abulfayzxon elchi orqali shialaga nisbatan adovatda borligini bildirgan. Usmonli sultoni Ahmad III javob maktubida biror-bir amaliy yordam koʻrsatmagan.



Rossiya bilan diplomatik munosabatlar




1716-yil fevralda Buxoro xoni elchisi Xonquli toʻpchiboshi Astraxanga boradi. Elchi bilan birgalikda savdogar Asan bobo, xotini va bolalari hamda ikki yasovul borgan. Abulfayzxon Rossiya podshosi Pyotr I ga 36 nafar rus asirlarini ham ozod qilib yuborgan. Abulfayzxon Astraxan ober-komendanti Chirikov nomiga yozilgan yorliqda oʻzaro yaxshi qoʻshnichilik aloqalari va savdo-sotiq aloqalarini davom ettirish maqsadida elchi yuborayotgani bildiradi. Shuningdek, ushbu elchilik orqali Rossiyaning Kaspiy dengizi sharqiy qirgʻoqlarida shahar-qal’alar qurish rejasini qoʻllab-quvvatlashini ham bildirgan.



Nodirshoh bosqini



Asli turkmanlardan boʻlgan Eron hukmdori Nodirshoh (1736-1747) Buxorodagi ogʻir iqtisodiy va siyosiy vaziyatdan unumli foydalandi. 1740-yil boshida Nodirshoh Movarounnahrga yurish qiladi. Abulfayzxon katta qoʻshinga bosh boʻlib, Rizaquliga (Nodirshohning oʻgʻli) ga qarshi jangga chiqadi. Buxoro xonligi qoʻshinlari son jihatdan 4 baravar koʻp boʻlishiga qaramay Eron qoʻshinidan yengiladi. Bunga eronliklarning oʻtochar quroli va artileyerasining sifat jihatdan ustunligi sabab boʻlgan. Abulfayzxon Muhammad Hakimbiyni Nodirshoh huzuriga elchilikka yuboradi. Muhammad Hakimbiy shoh qarorgohiga kelib, uning hurmatini qozondi, bu unga mamlakatda katta vakolatlar berdi. Hakimbiy shohdan katta ishonch va yorliqlar olib Buxoroga joʻnaydi. U endi Abulfayzxonning elchisi sifatida emas, Nodirshohning vakili sifatida keladi.


1743-yilda Muhammad Hakim vafot etdi. Oʻrnini oʻgʻli Muhammad Rahimbiy egalladi. Muhammad Rahimning qarindoshlari va tarafdorlari eng yuqori davlat lavozimlariga tayinlangan. U kuchli qoʻshin tuzgan va qoʻshin boshliqlari etib oʻzining ishonchli vakillarini qoʻygan. Nodirshoh vafot etgach (u 1747-yilda oʻldirilgan) u tuzgan davlat parchalana boshlaydi. Shunday sharoitda 1747-yilda Muhammad Rahimbiy Buxorodagi Mir Arab hujralaridan birida Abulfayzxonni oʻldirtiradi. Shundan soʻng Rahimbiy birin-ketin Abulfayzxonning ikki oʻgʻli Abdulmoʻmin va Abdullani ham qatl qildirib, 1753-yilda amir unvoni bilan Buxoro taxtiga oʻtiradi.



Manbalar




Adabiyotlar



Ilmiy adabiyotlar























uz.wikipedia.org

Uzpedia.uz