ABU SAID



ABU SAID (1305-1335) – Hulokuiylar davlati hukmdori (1316— 35). O’ljoytuxonnit o’g’li. 1313 yil Xuroson noibi etib tayinlanib, yoshligi sababli uni otaliq yordamida idora etgan. 1316 yil otasi vafot etgach, Hulokuiylar davlati taxtiga o’tirgan bo’lsada, davlatni uning nomidan Amir Choban boshqarib turgan (1327 yilgacha). Abu Said davrida Misrga qarshi uzoq vaqt olib borilgan urush pirovardida o’zaro sulh bilan yakunlangan, Oltin O’rda va Chig’atoy ulusidan qilingan hujumlar qaytarilgan, Kichik Osiyoda mo’g’ullar hukmronligi yanada mustahkamlangan. Abu Said otasi O’ljoytuxon zamonida davlat dini darajasiga ko’tarilgan shialik ta’limotiga chek qo’yib, o’z tangalarida yana choryorlar (to’rt xalifa — Abu Bakr, Umar, Usmon va Ali) nomini zarb qildirgan.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi

Uzpedia.uz