Abu Ravvod





Abdulaziz ibn Abu Ravvod (arabcha: عبد العزيز بن أبي رواد) — ilk davr so‘fiylaridan.




Hayoti



Asli xurosonlik va ehtimolga ko‘ra, turk bo‘lganligi rivoyat qilingan. Azd qabilasi raislaridan Mug‘iyra ibn Mu­hallabning mavlosi. Abu Ravvod kunya­si bilan tanilgan otasining asl ismi Maymun (Ayman) ibn Badr bo‘lgan. U Makka shahrida yashab, oʻsha yerda vafot etgan.


Manbalarda Abdulaziz ibn Abu Ravvodning murjialardan bo‘lgani to‘g‘risida rivoyatlar keltirilgan. Shuningdek, uning hadis roviysi sifatida jarh va ta’dil borasidagi qarashlari manbalardan juda keng o‘rin egallaydi. Tobeʼinlarning ulug‘lari, avvalgi ummat va davrlar haqida naql qilgan xabarlari baʼzi muhaddislar tomonidan qattiq tanqid ostiga olinishiga sabab bo‘lgan.



Rivoyatlar



Undan naql qilingan so‘zlar va diniy faoliyatiga berilgan baholar Abdulaziz ibn Abu Ravvodning zuhd davri tasavvufining asoschisi bo‘lganini ko‘rsatadi. O‘tmishini so‘ragan kimsaga gunohlar ichida ekani, umri tezda o‘tib ketgani, o‘lim va oxiratdan g‘aflatda qolganini aytib yig‘lagani rivoyat qilinadi. Eng fazilatli ibodat haqida so‘ralganda „kechayu kunduz doimo mahzun holatda bo‘lish­lik“, deb javob qaytargan. Rivoyatga ko‘ra, ko‘zlari ko‘rmay qolganida yigirma yil buni hech kimga bildirmagan. Holat maʼlum bo‘lganida esa, „rizo va Allohga taslim bo‘lish­lik buni maʼlum qilishga to‘sqinlik qildi“, deb javob bergan. Uning bu tushunchasi keyingi davr so‘fiylari tomonidan tasavvuf taʼriflaridan biri sifatida qo‘llanilgan: „Tasavvuf — ilohiy lutflarni birma-bir sanash va ayblarni yashirishdir“. Shuningdek, u sabr va rizoga tes­kari bir ish qilib qo‘ygani uchun qirq yil mobaynida boshini ko‘tarib samoga qaramagani naql qilinadi.


Hadis olimi Shuayb ibn Harb Abdulaziz ibn Abu Ravvodning besh yuz ilmiy majlislarida ish­tirok etib, uning biror marta ham gunohga sabab bo‘ladigan holatga tushganini ko‘rmaganini naql qilgan. Bu xabardan Abdulaziz ibn Abu Ravvod shogirdlarga ega bo‘lgani va tasavvufiy taʼlim faoliyatini olib borganini ko‘rish mumkin.


Abdulaziz ibn Abu Ravvod iymon faqatgina qalbning tasdig‘i va tilning iqroridan iborat deb hisoblagani va gunohi kabira qiluvchilarni Allohga havola qilgani uchun murjialardan hisoblangan. Shu sababdan hadis olimlari bilan orasi ajralgan. U mazkur fikrga umrining so‘nggi yillarida kelgan bo‘lib, ilgari gunohi kabira qiluvchilar masalasida muhaddislar bilan qarashlari bir bo‘lgan. Uning irjo fikrini tanqid qilganlardan biri — hadis ilmida shogirdi, zuhdda do‘s­ti bo‘lgan Sufyon as-Savriydir.


Baʼzi hadisshunoslar fikricha, Abdulaziz ibn Abu Ravvodning hofizasi zaif deb topilsa-da, odatda ishonchli roviy sifatida qabul qilingan. Ahmad ibn Hanbal, an-Nasoiy, ad-Doraqutniy va Ibn Abu Hotimlar asarlarida uning rivoyatlari keltirilgan. U Nofe’, Ato, Ikrima, az-Zahhok ibn Muzohim, Solim ibn Abdulloh kabi ulug‘ tobeʼinlardan hadis ting­lagan. Shu’ba, Vakiy’, Abdurrazzoq, Zoida, Sufyon as-Savriy, Ibn al-Muborak, Yahyo ibn Sa’id al-Qatton va boshqa taniqli olimlar undan hadis rivoyat qilganlar.



Adabiyotlar




Manbalar















uz.wikipedia.org

Uzpedia.uz