Abu Nasr ibn Huzaym al-Huzaymiy





Abu Nasr ibn Huzaym al-Huzaymiy (X asr) — somoniylar hukmdorlari saroyida xizmat qilgan arabiynavis shoir.



Tarjimayi holi



Abu Mansur as-Saolibiyning „Yatimat ud-dahr“ tazkirasida qayd etilgan ma’lumotlarga qaraganda, al-Huzaymiy Abivard shahridan bo‘lib, ko‘zga ko‘ringan shoir va adib bo‘lgan. U „Mahosin ash-she’r va ahosin al-mahosin“ („She’riyat go‘zalligi va go‘zallar go‘zali“) asarining muallifidir.


Al-Huzaymiy ko‘p yillar Buxoroda amir saroyida xizmat qiladi va bu shahar yodgorliklarini o‘rganadi, keyin ona yurti Abivardga kelib, umrining oxirigacha shu yerda yashaydi. Uning she’rlari Buxoro va Abivardda devonga to‘plangan. Al-Huzaymiyning shoir Iskofiyga atab yozgan madhiyasi, amir Abdulmalik (954—961) vafoti munosabati bilan yozilgan marsiya va vazir Abu Ali al-Bal’amiyga (960—974) bag‘ishlangan qasidasi 960-yillarda, ya’ni uning ijodi gullagan davrda yozilganini ko‘rsatadi. Bir she’rida shoir 56 yoshda ekanligini yozadi. Demak, u bundan ham ko‘proq yashagan. Uning vafot etgan yili taxminan 970—980-yillar.



Ijodi



Bizgacha Al-Huzaymiyning birorta asari yetib kelmagan. „Yatimat ud-dahr“ga kiritilgan ayrim namunalar al-Huzaymiyning qasida, hajv va vasfiy she’rlaridan olingan parchalardir.


Somoniylar davri she’riyatida qishloq xo‘jaligi, yer va yerni ishlash masalalariga bag‘ishlangan she’rlarni deyarli uchratmaymiz. Bu xususda al-Huzaymiyning bir parcha yeri haqida yozgan she’rini eslatib o‘tish mumkin. Shoir bunda yerning inson va uning hayoti uchun qanchalik ahamiyatga ega ekanligini to‘g‘ri ifodalab bergan. Al-Huzaymiy yana bir she’rida hayotidan nolib, o‘z taqdiridan shikoyat qiladi. Turmush mashaqqatlaridan qutulish yo‘lini topolmagan shoir ruhiy tushkunlikka uchraydi. Taqdir bevafoligidan qutulish uchun uyda o‘tirib, o‘z or-nomusini saqlash bilan shug‘ullanish kerak, degan xulosaga keladi.



Manbalar









uz.wikipedia.org

Uzpedia.uz