Abu Mansur
Al- Abbodiy, Abu Mansur (arabcha: العبادي، أبو منصور — Qutbuddin Amir Abu Mansur al-Muzaffar ibn Abu-l-Husayn Ardasher al-Abbodiy) — mutasavvif, muhaddis, voiz va xatib.
Hayoti
Otasi Amir Abbodiy nomi bilan mashhur bo‘lgan voiz Abu-l-Husayn Ardasher ibn Mansurdir. Al-Gʻazzoliy ham uning vaʼzlarini tinglagan. Al-Abbodiy Marvda mashhur bo‘lgani uchun "Voizi Marvaziy" deb tanilgan. Al-abbodiy ilk tahsilini Marvda olgan. Mashhur muhaddislardan hadisdan saboq olib, keyinchalik hadis rivoyat qilgan. Manbalarda asosan ishonchli hadis roviysi sifatida zikr qilingan al-Abbodiy ota kasbi bo‘lgan voizlik bilan ko‘proq shuhrat topgan. Vaʼzlarida xalqni ruhlantirgani sababli unga "Sultoni suhan", „Xojai maʼno“, „Allomai ro‘zgor“ kabi unvonlar berilgan.
Al-Abbodiy Marvda shuhratga erishganidan keyin Sulton Sanjarning elchisi bo‘lib, Bag‘dodga boradi. Xalifa Muqtafiy-liamrillahning ishonchini qozonadi. Uch yil Bag‘dodda qolib, vaʼzlar qiladi va xalqning hurmatiga sazovor bo‘ladi. Xalifaning elchisi sifatida Marvga, u yerdan yana Bag‘dodga qaytadi. Elchilik vazifasi bilan Huzistonga borib, 547 yil 2 rabi’ul-avval/1152 yilning 7 iyunida vafot etadi. Jasadi Bag‘dodga keltirilib, Shuniziyya mozoriga dafn etilgan.
O‘sha davrda voizlikka rag‘batning ko‘p bo‘lgani, uning yoshligidan bu maslakka qiziqishiga sabab bo‘ladi. U shuningdek, so‘fiylikka ham qiziqib, tasavvuf asarlarini o‘qib ulardan foydalanadi. Fikrlaridan tasavvuf mavzusidagi bilimining teranligi ko‘rinsa-da, asarlarida shayx va mutasavviflar bilan bo‘lgan muloqotlari haqida maʼlumotlar berilmagan. So‘fiy tabaqot kitoblarida u haqda maʼlumotlar keltirilmagani, so‘fiylar nazdida mutasavvif olim deb tanilmaganini ko‘rsatadi. Shogirdi Abu Saʼd as-Sam’oniy hadis rivoyati xususida al-Abbodiyning eʼtiborga loyiqligini zikr qilgan bo‘lsa-da, biroq dinga to‘g‘ri kelmaydigan ayrim ishlarni ham qilganini aytgan. Bu borada Hamza ibn Makkiy ham al-Abbodiyning namoz xususida beparvoroq bo‘lganini naql etadiki, bularning barchasi uning diniy ko‘rsatmalar qarshisida u qadar hassos bo‘lmaganini ko‘rsatadi. Oddiy xalq orasida din rahnamolarining nufuzi yuqori bo‘lgan bir davrda yashagan al-Abbodiy notiqligi bilan xalqning ishonchini qozongan. Uning bu sanʼati davlat arboblari nazdida eʼtibor qozonishiga olib kelgan bo‘lsa-da, hanbaliylarning tanqidiga uchragan. Chunki u, Islom tarixida maʼlum bir ilmda mutaxassis bo‘lmasdan, faqat notiqlik bilan shuhrat qozongan shaxslardan biri edi.
Asarlari
Gʻulom Husayn Yusufiy "So‘fiynoma"ning so‘zboshisida al-Abbodiy qalamiga mansub Meʼrojnoma va "Al-Vasӣla ilā maʼrifa al-fazӣla" asarlari haqida ham keng maʼlumot berib o‘tgan. Al-Abbodiy "So‘fiynoma"sida "Kitāb al-’unsӯr" nomli asari haqida ham aytgan bo‘lsa-da, bu asar bizgacha yetib kelmagan.
Adabiyotlar
Manbalar
uz.wikipedia.org