Abu Hurayra




Abu Hurayra (arabcha: أبو هريرة — «Mushukchaning otasi») (602, Makka — 679, Madina) — mashhur sahoba, roviy, faqih olimlardan. Abu Hurayraning Islomdan oldingi ismi Abdushshams ibn Saxr bo'lgan. islom dinini qabul qilganidan so'ng, ismi Muhammad payg'ambar tomonidan Abdurrahmon deb o'zgartirilgan. Keyinchalik o'zining kichik mushukchasi bilan yurganligi tufayli yana Muhammad payg'ambar tomonidan "Abu Hurayra" deb kunyalangan. Abdurrahmon ibn Saxr Islom olamida aynan ushbu laqab bilan tanilgan. Abu Hurayra Yamanning Davs qabilasidan bo'lgan. Davs qabilasining yo'lboshchisi Tufayl ibn Amr da'vati orqali Islomni qabul qilgan.


Abu Hurayra hijratning yettinchi, "Xaybar" sanasida Islom dinini qabul qilgan paytida o'ttiz yoshda edi. U kishi Xaybardan qaytayotgan Muhammad ibn Abdulloh bilan birga Madinaga boradi. Abu Hurayra As-hobus Suffa - Muhammad payg'ambarning masjididagi suffada yashab, u kishidan hadis eshitish bilan mashg'ul bo'lgan sahobalarning biri edi. Shu sababli, Islomga kech kirganiga qaramay, sahobalar orasida eng ko'p hadis rivoyat qilgan kishi hisoblanadi. U kishi 5374 ta hadis rivoyat qilgan va bu hadislar Taqiy ibn Muhammadning musnadida keltirilgan. Bulardan 335 tasi ham Imom Buxoriy, ham Imom Muslim hadis kitoblarida mavjud, 93 tasi faqat Buxoriyda, 189 tasi faqat Muslimda, qolgan 4757 tasi boshqa hadis kitoblarida keltirilgan.


Abu Hurayra ko'p vaqtini Muhammad payg'ambarning subhatida o'tkazgan. Ovqatlanishga ketsa, biror hadisni eshita olmay qolishdan qo'rqib, ko'p paytlarda ochlikdan bukchayib qolgan. Abu Hurayra sahobalarni ichida eng zehni o'tkiri, ya'ni, kuchli xotira egasi bo'lgan. Hadis rivoyat qilganida biror harfni yoki so'zni ortiqcha yoki noqis, oldin yoki keyin aytmagan. Abu Hurayra fiqhni puxta egallagan boʻlib, ifto — fatvo beruvchi mavqeiga koʻtarilgan. Har juma kuni namozdan oldin hadis darslarini bergan. Anas ibn Molik, Tovus ibn Qaysan, ibn Sirin va boshqalar Abu Hurayraning shogirdlari bo'lishgan. Umar tomonidan Bahrayn voliyligiga tayinlangan. Usmon zamonida Makka qozisi va Muoviya davrida Madina voliysi boʻlgan.
Abu Hurayra 59-hijriy yilda 78 yoshida al-Aqiq vodiysida vafot etgan. Uning janozasida o'z davrining ma'lum va mashhur sahobalari qatnashgan. Abu Hurayra Madinadagi Baqe' qabristoniga dafn etilgan.



Havolalar











Manbalar









uz.wikipedia.org

Uzpedia.uz