Abu Hafs Kabir koʻchasi
Abu Hafs Kabir (Afrosiyob) koʻchasi — tarixiy shaxs nomi. Abu Hafs Kabir Buxoriy (767-832) ilohiyotchi olim, faqih, islom huquqshunosligining bilimdoni. U Buxoroning „Dari haqrah“ mahallasida tugʻilgan. Bagʻdodga borib, fiqhshunos Husayn Shayboniyga shogird turgan. Uning ilohiyot nazariyasi sohasidagi xizmatlari evaziga Buxoro shahri „Qubbat ul-islom“ unvonini olgan. Abu Hanifa taʼlimotini rivojlantirib, sunniy mazhab amaliyotini mahalliy urf-odatlarga moslagan va uygʻunlashtirgan holda uning rivojiga katta hissa qoʻshdi. Abu Hafs Kabir toʻgʻrisida Narshaxiyning „Buxoro tarixi“, Mu’ini Faqiriyning „Kitobi Mullozoda“ asarlarida maʼlumotlar keltiriladi. Ularda qayd etilishicha, Abu Hafs Kabir bir kecha-kunduzda Qur’onni ikki marta xatm qilar ekan. Abu Hafs Kabir „hojatbaror“ taxallusi bilan xalq orasida mashhur. Uning mozori tomonga yoʻnaltirilgan Buxoro shahristoni darvozasi „Haqrah“ deb atalgan. Buxoro hukmdori Muhammad Tolutning Abu Hafs Kabirga eʼtiqodi baland boʻlgan.
Manbalar
uz.wikipedia.org