Abu Burda Burayd ibn Abdulloh





Abu Burda Burayd ibn Abdulloh (arabcha: أبو بردة بريد بن عبد الله — Abu Burda Burayd ibn Abdulloh ibn Abu Burda ibn Abu Muso al-Ash’ariy al-Kufiy) — muhaddis.



Hayoti va faoliyati



Bobosi Abu Burda al-Ash’ariy Kufa qozisi bo‘lgan. Katta bobosi esa mashhur sahoba Abu Muso al-Ash’ariydir. Otasi Abdulloh ibn Abu Burda va bobosi Abu Burda Omir ibn Abu Muso al-Ash’ariylardan hadis rivoyat qilgan. Abu Burda Burayd ibn Abdulloh Kufada olim bo‘lib yetishdi.
Bobosidan tashqari Hasan al-Basriy va Ato ibn Abu Raboh kabi tobe’inlardan hadis o‘rgangan. Undan Sufyon as-Savriy, Abdulloh ibn Muborak, Sufyon ibn Uyayna, Abu Usoma, Abu Nuaym al-Fazl ibn Dukayn va b. muhaddislar hadis rivoyat qilganlar. Abu Usoma undan eng ko‘p hadis rivoyat qilgan. Hadis munaqqidlaridan Yahyo ibn Maʼiyn, Abu-l-Hasan al-Ijliy va Ibn Adiy kabi olimlar uni ishonchli muhaddis bo‘lganini aytganlar. Biroq Ahmad ibn Hanbal, Abu Hotim ar-Roziy va Imom an-Nasoiylar uning rivoyatlariga ahamiyat bermaganlar, xossatan yolg‘iz ri­voyat qilgan hadislarini qabul qilmaganlar. „Kutubi sitta“ mualliflari esa uni saduq (to‘g‘ri so‘z) roviy sifatida qabul qilib, rivoyatlarini o‘z asarlariga kiritganlar.


Abu Burda Burayd ibn Abdulloh bobosidan, u esa otasi Abu Muso al-Ash’ariydan rivoyat qilgan „Musnad Burayd“ nomli ad-Doraqutniy tomonidan tartib berilgan qirq hadisdan iborat kitob Sulaymoniya kutubxonasida „Kitāb al-arbaʼӣn va g‘ayruh“ nomli majmua ichida saqlanmoqda. Barchasi sahih rivoyatlardan tashkil topgan „Musnad Burayd“dagi o‘ttiz yettita hadis „Sahӣh al-Buxārӣ“ hamda „Sahӣh Muslim“ asarlariga ham kiritilgani uning moʻtabar manba ekanini ko‘rsatadi.



Adabiyotlar




Manbalar















uz.wikipedia.org

Uzpedia.uz