Abu Bakr as-Siddiq
Abu Bakr Siddiq (toʻliq nomi:
Abu Bakr Siddiq Abdulloh ibn Abu Qahhofa ibn Omir ; tax. 573-yil — 634-yil 23-avgust) — Muhammad payg'ambar daʼvati bilan islomni birinchilardan boʻlib qabul qilgan, dastlabki toʻrt xalifadan birinchisi (632—634). Tirikligida jannat bashorati berilgan sahobalarning birinchisi sanaladi.Muhammad payg'ambarning eng yaqin safdoshi, qaynotasi (mo'minlarning onasi Oishaning otasi). Yirik savdogar. Makkaning quraysh qabilasidan. Islomga kirishdan oldin ismi Abdulkaʼba edi. Abdullo ismini Muhammad payg'ambar qoʻygan. Siddiq deb atalishiga sabab shuki, isro va meʼroj hodisasini eng birinchi boʻlib tasdiqlagan. Muhammad payg'ambar unga Siddiq, yaʼni iymoni kuchli deb laqab berdi. Makkadan Madinaga hijrat qilishda Muhammad payg'ambarga hamroh, gʻorda birga boʻldi. Badr, Uhud, Handaq, Xudaybiya va boshqa joylardagi janglarda ishtirok etdi. Abu Bakr Siddiq obroʻli va badavlat kishi boʻlgani uchun koʻp odamlarga yordam qildi, chunonchi, Bilol Habashiyni qullikdan sotib olib, ozod etdi. Muhammad payg'ambar vafotidan keyin birinchi xalifa boʻlib saylandi (632). Arab qabilalarining Madina hokimiyatiga qarshi koʻtargan qoʻzgolonlarini bostirdi. Abu Bakr Siddiq xalifaligi davrida arablar Iroq va Suriyani fath qildi. Abu Bakr Siddiq Madinada vafot etdi va Muhammad payg'ambar yoniga dafn qilindi.
Hazrati Abu Bakrning nasablari
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
"Ey Abu Bakr, ummatim ichidan jannatga birinchi kiruvchi albatta, sen bo'lasan", dedilar". Abu Dovud rivoyat qilgan.
U kishining to'liq ismlari quyidagicha:
Abu Bakr Abdulloh ibn Abu Quhofa Usmon ibn Omir ibn Amir ibn Ka'b ibn Ma'd ibn Tayim ibn Murra ibn Ka'b ibn Lu'ay ibn G'olib al-Qurashiy ad - Taymiy. U kishining nasablari Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan Murrada birlashadi.
Hazrati Abu Bakrning ismlari va laqablari
Abu Bakr Siddiq (r.a) kunyasi ismidan mashhur bo'lib ketgan shaxslaridan biridirlar. "Abu Bakr" u kishining kunyalaridir. Ismlari esa Abdullohdir. Ba'zi rivoyatlarda aytilishicha, u kishining avvalgi ismlari Abdulka'ba bo'lib Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu ismni Abdullohga almashtirgan ekanlar. Abu Bakr Siddiq (r.a) ning otalari ham kunyalari, ya'ni Abu Quhofa nomi bilan mashhur bo'lganlar. Asl ismlari esa Usmon bo'lgan. Abu Bakr Siddiq (r.a) ning eng mashhur laqablari Siddiqdir. Bu laqabni olishlariga Rasululloh (s.a.v)ning har biri amallarini tasdiqlashga har doim shoshilib turganliklari sabab bo'lgan. Shu bilan birga, Abu Bakr Siddiq (r.a) doimo o'zlariga sodiqlikni lozim tutganlar. Islom - iymon masalasida u kishiga biror marta ham, salgina bo'lsa ham ikkilanish yoki sustlik sezilmagan. Ushbu va shunga o'xshash ko'pgina holatlar u kishining Siddiq laqabini olishlariga sabab bo'lgan. Abu Bakr Siddiq (r.a) ning ikkinchi laqablari "Atiyq" bo'lgan. U kishining bunday laqabni olishlari Payg'ambar (s.a.v)ning hadisi shariflari orqali bo'lgan.
Imom Termiziy Oisha onamizdan rivoyat qiladi:
"Abu Bakr Rasululloh (s.a.v) ning huzurlariga kirdi. Bas, u zot unga:"Sen Allohning do'zax atiyqisan (ozod qilinganisan)", dedilar. O'sha kundan u "Atiyq" deb nomlana boshladi".
Hazrati Abu Bakrning tug'ilishlari va ulg'ayishlari
Abu Bakr Siddiq rodiyallohu anhu Payg'ambar (s.a.v) tavalludlaridan 2 yil-u bir necha oy keyin dunyoga keldilar. U kishining otalari Abu Quhofa Usmon ibn Omir edi. Onalari esa Ummu Xoyr Salmo binti Soxr ibn Amr bo'lib, Abu Quhofa rodiyallohu anhuning amakilarining qizi edilar. U kishi makkai mukkarrammada o'sib, ulg'aydilar. Abu Bakr Siddiq (r.a) faqat tijorat uchungina bu muqaddas shahardan tashqariga chiqar edilar. U kishi o'z tijoratlari orqasidan katta mol-mulk topgan edilar. Shu bilan birga, Abu Bakr Siddiq (r.a) hayr-u ehson va muruvvatlari bilan ham johiliyat ahli orasida nom chiqargan edilar. U kishi Qurayshning rahbarlaridan bo'lib, maslahat - mashvarat ishlarida doimo ishtirok etib, kishilarning muhabbatini qozongan edilar. Abu Bakr Siddiq (r.a) ga Qurayshning hun va qarz to'lash ishlari topshirilgan edi. Johiliyat davrida arablarning markazlashgan davlatlari bo'lmaganligi uchun Makka ahli turli vazifalarni turli qabilalarga bo'lib qo'ygan edi. Bir qabila kishilarni mehmon qilishga mas'ul bo'lsa, boshqasi ka'baga qarashga, uchunchisi majlis o'tkazishga mas'ul edi. Abu Bakr Siddiq (r.a)ning qabilasiga ana shunday vazifalardan biri - diya va qarzlar ishi topshirilgan edi. Abu Bakr Siddiq rodiyallohu anhu ham johiliyat davrida, ham islom davirda sharafli bo'lgan o'n kishing biridirlar. Abu Bakr Siddiq (r.a) johiliyat davrining odamlari ichidagi eng iffatli kishilardan biri edilar. U kishi o'z ixtiyorlari bilan, o'zlaricha xamr ichishni tark qilgan edilar. Shuningdek, she'r aytish bilan ham mashg'ul bo'lmaganlar.
Hazrati Abu Bakrning sifatlari
Ibn Sa'd rivoyat qiladilar:
"Bir kishi Oishaga:
"Menga Abu Bakrni sifatlab bering", dedi. Bas, u kishi:
"U oppoq, ozg'in, yanoqlari kichik, biroz egilgan, izori ikki yonboshida turmay, sirpanib ketadigan, yuzi ichiga kirgan, ko'zlari chuqur, peshonasi do'ngroq va qushdek yengil odam edi. Uning sifati ana shundoq", dedi".
Boshqa bir rivoyatda Oisha onamiz:
"Abu Bakr (soch-soqolini) hino va katm - maxsus bo'yoq bilan bo'yab yurardi", deganlar. Yana boshqa bir rivoyatda Anas rodiyallohu anhu:
"Rasululloh (s.a.v) madinaga kelganlarida u zotning sahobalari ichida Abu Bakrdan boshqa soch - soqoliga oq tushgani yo'q edi. U hino va katm bilan bo'yab yurardi", deganlar.
Manbalar
uz.wikipedia.org