Abu Ali al-Hofiz ash-Shoshiy
Abu Ali al-Hofiz ash-Shoshiy (arabcha: أبو علي الحافظ الشاشي — Abu Ali Hasan ibn Sohib ibn Humayd al-Hofiz ash-Shoshiy) — hofiz va muhaddis.
Shoshda tug‘ilib, voyaga yetgan. Abu Ali al-Hofiz ash-Shoshiy imom, hofiz, ko‘p yurtlarni kezgan sayyoh boʻlib, ilm talabida Xuroson, Iroq, Shom, Haramayn (Makka va Madina), Yaman, Misrdagi turli tabaqa sohiblari bo‘lgan muhaddislardan hadislar eshitgan.
Iqtibos
Abu Ali al-Hofiz ash-Shoshiy hakida Irshād" asari muallifi quyidagicha bayon qilgan:
U Xuroson shayxlarining kitoblarida zikr etilgan katta hofiz edi.
Faoliyati
Abu Ali al-Hofiz ash-Shoshiy nafaqat hadislar, balki yuqorida aytilganidek, o‘zi safar qilgan mamlakatlar, shuningdek, katta olimlar, shayxlar to‘g‘risida tarixiy maʼlumotlar qoldirgan. Jumladan, Imom Shofeʼiydan Qur’on haqida quyidagilarni eshitgan: „Uf, uf, Qur’on Allohning kalomidir. Kimki, uni maxluq desa, kofir bo‘ladi (isnodi sahih)“. O‘sha davrda muʼtaziliylar tomonidan „Qur’on maxluqmi yoki yo‘qmi?“, degan masalada ixtiloflar chiqqan. Imom Shofeʼiydan bu haqda so‘ralganida, u „uf“ tortib, keyin javob bergan.
Al-Halimiyning aytishicha, Abu Ali al-Hofiz ash-Shoshiy katta hofiz boʻlib, Xuroson shayxlaridan hadislar yozib olgan. „Tarӣx Bag‘dād“ kitobida Abu Ali al-Hofiz ash-Shoshiyning Xuroson shaharlari va tog‘lari, Iroq, Hijoz, Shom haqida turli maʼlumotlar yozganligi qayd etilgan.
Hadislari
Maʼlumki, Abu Ali al-Hofiz ash-Shoshiy al-Jaziraga ham safar qilib, u yerda shayx, faqih, alloma Abu-l-Qosim Umar ibn Muhammad ibn Ikrima ibn Bazriy al-Jazariyga shogird tushgan. O‘z navbatida, Abu Ali al-Hofiz ash-Shoshiydan Abu Ali an-Naysoburiy, Abu Bakr Muhammad ibn aj-Juabiy, Muhammad ibn Ismoil al-Varroq, Abu Bakr Qaffol ash-Shoshiy, Abu Ali Hofiz, Muhammad ibn Muzaffar va boshqalar hadis rivoyat qilganlar. Buyuk alloma Abu Bakr Qaffol ash-Shoshiy Abu Ali al-Hofiz ash-Shoshiydan quyidagi hadisni rivoyat qilgan: „Sheʼrni o‘rganinglar, chunki unda hikmat va masallar bordir“.
923-yil (hijriy 311-yil)da Bag‘dodga kelib, Ali ibn Xashram, Ishoq ibn Mansur, Abu Zur’a ar-Roziy, Amir ibn Abdulloh al-Udiy, Muhammad ibn Avf al-Himsiy, Abdo ibn Sulaymon al-Basriy, Iso ibn Gʻiylon, Hubayra ibn al-Hasan Zohid, Muhammad ibn Abdulaziz ad-Daynuriy va boshqalardan hadis rivoyat qilgan.
Eʼtirof
„Tarӣx Bag‘dād“, „Tabaqāt al-huffāz“, „Tazkira al-huffāz“, „Al-Ansāb“, „Siyar aʼlām an-nubalā“, „Irshād“ kabi qator arab manbalarida Abu Ali al-Hofiz ash-Shoshiy nomi „al-Hofiz“, deb hurmat bilan tilga olinib, ishonchli muhaddis sifatida eʼtirof etilgan.
Adabiyotlar
Manbalar
uz.wikipedia.org