Abu Ali al-Formadiy





Abu Ali al-Formadiy (arabcha: أبو علي الفارمدي — Abu Ali Fazl ibn Muhammad al-Formadiy) — naqshbandiyya silsilasining nufuzli so‘fiylaridan.


Hijriy IV asrning ulug‘ shayxlaridan bo‘lib, Tus yaqinidagi Formad qishlog‘ida tug‘ilgani sababli unga ushbu nisba berilgan. So‘fiylar orasida „Ruknul-islom“, „Al-Murshid“, „Qutbuz-zamon“ va „Shayxul-mashoyix“ kabi unvonlarga ega bo‘lgan. Ilk taʼlimini tug‘ilgan qish­log‘ida oladi.




Taʼlimi



So‘ng Nishopurga safar qilib, mashhur so‘fiy Abdulkarim al-Qushayriyning madrasasida ilm oladi.
Abu Ali al-Formadiy Nishopurda Abu Saʼid Abu-l-­Xayr bilan tanishadi va uning suhbati va samoʻ majlislariga qatnay boshlaydi. Abu Saʼid Nishopurdan ketganidan so‘ng, ustozi al-Qushayriyning huzuriga borib, o‘zida sodir bo‘lgan ruhiy o‘zgarishlarni tushuntiradi. Al-Qushayriy unga ilm olishni davom ettirishini tavsiya qiladi. Ikki-uch yildan so‘ng tasavvufga mayli tobora ortishi oqibatida ustozining izni bilan madrasadan ketadi. Bir dargohda mujohada va riyozat bilan mashg‘ul bo‘ladi. Bir kuni o‘zida ko‘ringan maʼnaviy holatlarni al-Qushayriyga so‘zlab beradi. Ustozi u yetishgan martabasida unga yordamchi bo‘la olmasligini, o‘zining martabasi unikidan yuksak emasligini aytadi. Yangi bir muridga ehtiyoj sezgan Abu Ali al-Formadiy Abu-l-Qosim al-Jurjoniy bilan ko‘rishish uchun Tusga safar qiladi. Al-Jurjoniyning yonida mujohada va riyozat davrini tamomlaganidan so‘ng, va’z qilish uchun ijoza oladi. Naqshbandiyya silsilasining nufuzli siymolaridan Abu-l-Hasan al-Xaraqoniydan ham taʼlim oladi.


Abu Ali al-Formadiy bir muddat Marvga safar qilib, saljuqiylar vaziri Nizomul-mulk bilan uchrashadi. Uning huzurida zamonasining buyuk olim va mutasavviflari bilan tanishadi. Shuningdek, u al-Gʻazzoliy (1058-1111-yillar), Ibn Boquya (vafoti: hijriy 442-yil, milodiy 1050-yil) va Abdulqohir al-Bag‘dodiy (vafoti: hijriy 429, milodiy 1037-1038-yillR) kabi ko‘plab olim va mutasavviflarga taʼsir ko‘rsatgan. Abdurrahmon Jomiy „Nafahot ul-uns“ asarida Abu Ali al-Formadiyni al-Gʻazzoliyning shayxi bo‘lganini zikr qiladi. Manbalarda al-Gʻazzoliy Abu Ali al-Formadiydan eshitgan ko‘plab so‘zlarni naql qilgani aytilgan. Qosim Kufrali Abdurrahmon Jomiyga tayangan holda, al-Gʻazzoliyning Abu Ali al-Formadiyga ixlosmandligini aytsa-da, Abu Ali al-Formadiy vafot etganida yigirma yetti yoshda bo‘lgan va hali tasavvufga yo‘nalmagan al-Gʻazzoliyni uning muridi va xalifasi deyish to‘g‘ri emas, deydi. Shuningdek, al-Gʻazzoliyning asarlarida Abu Ali al-Formadiy haqida kam so‘z yuritilgani ham buni tasdiqlaydi.



Silsilasi



Abu Ali al-Formadiy naqshbandiyyaning Alaviy silsilasida Abu-l-Qosim al-Jurjoniyning, Bakriy silsilasida Abu-l-Hasan al-Xaraqoniyning xalifasi sifatida ko‘rsatiladi. Naqshbandiyyaning har ikki silsilasi Abu Ali al-Formadiyda birlashadi va xalifasi Yusuf al-Hamadoniy vositasi bilan davom etadi. Ushbu jihatdan Abu Ali al-Formadiy naqshbandiyya tariqati tarixida muhim o‘rin egallaydi.



Vafoti



Al-Qushayriyning qiziga nikohlangan Abu Ali al-Formadiy Tusda vafot etadi. Baʼzi manbalarda vafot sanasi 1080-yil (hijriy 472-yil) deb ko‘rsatilgan. Abu Saʼd as-Sam’oniy „Al-Ansāb“ asarida Abu Ali al-Formadiyning Abu-l-Mahosin Ali, Abu-l-Fazl Muhammad va Abu Bakr Abdulvohid ismli uch o‘g‘li bilan tanishish imkoniga ega bo‘lgani, shayxning qabrini ko‘p marotaba ziyorat qilganini qayd qilgan.



Adabiyotlar




Manbalar















uz.wikipedia.org

TELEGRAM XIZMATLAR

Kanal va guruhlar uchun o'zbek obunachilar

Kanalga o'tish


Uzpedia.uz