Abu Abs





Abu Abs (arabcha: أبو عبس — Abu Abs Abdurrahmon ibn Jabr ibn Amr al-Ansoriy) — sahoba.




Hayoti va faoliyati



Avs qabilasining Bani Horisa urug‘idan. Islomdan avvalgi Abduluzzo ismi Payg‘ambar tomonlaridan Abdurrahmon, deb o‘zgartirilgan. Sahoba Muhammad ibn Maslamaning pochchasi bo‘lgan Abu Abs hijratdan avval Islom dinini qabul qiladi. Onasi Laylo bint Rofeʼ va xotini Ummu Iso Rasulullohga ilk bay’at qilgan ayol sahobalardan bo‘lganlar. Payg‘ambar bilan birga Badr, Uhud, Xandaq va boshqa barcha g‘azotlarda ishtirok etgan.


Islomning ilk davrida savodlilar ozchilikni tashkil qilgan. Shu bois ulardan biri bo‘lgan Abu Absning Islom madaniya­ti taraqqiyotiga ulushi katta bo‘lgan. Hijratning ilk kunlarida makkalik muhojirlarga yordam qo‘lini uzatgan. Payg‘ambar Umarning qizi Hafsani avvalgi turmush o‘rtog‘i, shuningdek, Uhudda shahid bo‘lgan Xunays ibn Xuzofa bilan Abu Absning orasida birodarlik rishtasini bog‘laganlar. U musulmon bo‘lganidan so‘ng yaqin do‘sti Abu Burda ibn Niyor bilan birga o‘zlari mansub bo‘lgan Bani Horisa qabilasining butlarini yashirin tarzda sindirishga kirishadilar. Badr mag‘lubiyatini ko‘tara olmay, sheʼrlari, taʼsirli so‘zlari va boyligi bilan arab xalqini, ayniqsa, makkaliklarni Payg‘ambarga qarshi qayragan yahudiy shoiri Kaʼb ibn Ashrafning o‘ldirilishiga maʼmur etilgan hay’at ichida Abu Abs ham bo‘lgan.



Vafoti



Abu Abs Umar va Usmonlar davrida soliq yig‘uvchi vazifasida bo‘lgan va Usmon xalifaligining so‘nggi yillarida kasallikka chalinib, yetmish yoshlarida vafot etgan. Badrda ishtirok etganlarga yuqori darajada hurmat bilan yondashgan xalifa, Abu Absning kasallik chog‘ida ziyo­ratida bo‘lgan, vafotidan so‘ng janoza namozini xalifaning o‘zi ado qilgan. Abu Abs „Jannat al-baqi’“ qabristoniga dafn etilgan.



Hadisi



Abu Abs Payg‘ambardan faqatgina bitta hadis rivoyat qilgan. Muhammad, Mahmud, Ubaydulloh, Zayd va Humayd ismli farzandlari uning muborak yo‘li va naslini Madina va Bag‘dodda davom ettirganlari haqida manbalarda maʼlum qilinadi.



Adabiyotlar




Manbalar















uz.wikipedia.org

Uzpedia.uz