Abu Abdulloh Xafif Sheroziy
Abu Abdulloh Xafif Sheroziy, Muhammad bin Xafif bin Isfikshor Zabbiy (882-yil – Sheroz –943-yil) – “Nasoyim ul-muhabbat”da tilga olingan tasavvuf shayxi, muhaddis va faqih. Kunyasi – Abulhasan. Asli nishopurlik bo‘lib, Sherozda tug‘ilgan. Shayx Abu Tolib Xazraj Bag‘dodiy va Abu Muhammad Atoyidiyning muridi. Ko‘p mamlakatlarda safarda bo‘lib, Ruvaym, Abubakr Kattoniy, Yusuf bin Husayn Roziy, Abu Ya’qub Ziziy, Abulabbos Surayj, Abubakr Ushnoniy, Abulxayr Molikiy, Abubakr Sha’roniy, Abu Muhammad Atoyidiy, Mu’ammil Jassos, Ja’far Hazzo, Hishom bin Abdon, Abu Muhriz Sheroziy, Ali bin Shulluya, Abubakr Iskof, Abu Zahhok, Abdulloh Qassor, Abu Ali Vorijiy, Ja’far Ja’diy, Abulqosim Qasriy, Abdulaziz Bahroniy, Ali bin Abu Ali bin Muhammad Akkor, Muso Imron, Abu Zur’a Ardabiliy, Shayx Abdulloh Boku, Yahyo bin Ammor Shayboniy suhbatidan bahramand bo‘lgan. Abulhusayn Bishr Sijziy va Bundor bin Husayn bin Muhallab Sheroziyning ustozi. Mansur Hallojning o‘limiga qarshi chiqqan. G‘aybat va huzur tushunchalariga ilk marta nazariy tavsif bergan. “Risolai vasiyat”, “Sharaf ul-fuqaro” (“Darveshlar sharafi”), “Avsof ul-qulub” (“Ko‘ngillar vasfi”), “Kitob ul-iqtisod” kabi 28 asar muallifi. Xafifiya tariqatining asoschisi. Alisher Navoiy “Nasoyim ul-muhabbat”ga “Nafahot ul-uns”dan ushbu shayx hayotiga bog‘liq bobni qisqartirilgan holda kiritgan.
Manbalar
uz.wikipedia.org