Abu Abdulloh Muhammad al-Axsikatiy
Abu Abdulloh Muhammad al-Axsikatiy (arabcha: أبو عبد الله محمد الأخسيكتي — Abu Abdulloh Muhammad ibn Muhammad ibn Umar al-Axsikatiy) — hanafiy faqihi.
Hayoti va faoliyati
Movarounnahr hanafiy faqihlari orasida muhim o‘ringa ega. Imom-peshvo, hanafiy mazhabi faqihi Husomuddin Muhammad ibn Muhammad al-Axsikatiy tavallud topgan sana maʼlum emas. Olim 644-yil yigirma uchinchi zul-qa’da dushanba kuni vafot etgan, Yetti qozi qabristonida Qozixon Ustoz Muhammad ibn Muhammad al-Abdiy qabri yaqiniga dafn qilingan.
Abu Abdulloh Muhammad ibn Muhammad ibn Umar al-Axsikatiy usul al-fiqh ilmi bilimdonlaridan bo‘lib, hanafiy mazhabi usul al-fiqhiga oid „Al-Muntaxab fӣ usӯl al-mazhab“ nomli asar yozgan. Olimning shoh asari hisoblangan mazkur kitobga Husomuddin Husayn ibn Ali as-Sig‘noqiy „Al-Vāfӣ fӣ usӯl al-fiqh“, Abdulaziz ibn Ahmad al-Buxoriy „At-Tahqӣq“, hanafiy faqihi Qavomuddin Amir Kotib ibn Amir Umar al-Itqoniy „At-Tabyӣn“ nomli hamda Abdulloh ibn Ahmad an-Nasafiy maxsus sharh bitganlar. Amir Kotib sharhi Sobir Nosir Mustafo Usmon, Nasafiyning sharhi esa Salim O‘g‘ut tomonidan doktorlik ishi sifatida tadqiq etilgan hamda asar ilmiy-tanqidiy matn holida nashr qilingan. „Al-Muntaxab“ asari 1877-yil Lakhnavda, 1907-yil Dehlida nashr etilgan.
Hozirda Abu Abdulloh Muhammad ibn Muhammad ibn Umar al-Axsikatiyning usuli fiqhga oid asarlaridan Sharq mamlakatlarida asosiy darslik, qo‘llanma sifatida foydalaniladi.
Quyida nomlari zikr qilingan asarlar ham Abu Abdulloh Muhammad ibn Muhammad ibn Umar al-Axsikatiyga nisbat berilgan: „Miftāh al-usӯl“, „Gʻāya at-tahqӣq“, „Daqāiq al-usӯl va-t-tabyӣn“.
Adabiyotlar
Manbalar
uz.wikipedia.org