Absattar Derbisali
Absattar Bagisbaevich Derbisali (15-sentyabr 1947-yil, Tulkibosh tumani, Janubiy Qozogʻiston viloyati, Qozogʻiston SSR – 15-iyul 2021-yil) – qozoq diniy arbobi, diplomat, sharqshunos olim. Absattar Derbisali filologiya fanlari doktori, professor, Qozogʻiston Oliy maktabi Fanlar akademiyasining akademigi hisoblanadi. U, shuningdek, birinchi darajali maslahatchi diplomatik darajasiga ham ega boʻlgan. 2000-yil 24-iyundan 2013-yil 19-fevralgacha Qozogʻiston oliy muftiysi, Markaziy Osiyo muftiylari kengashi raisi, Qozogʻiston musulmonlari diniy boshqarmasiga rahbarlik lavozimlarida xizmat yuritgan.
Biografiyasi
Absattar Derbisali 1947-yil 15 sentyabrda Janubiy Qozogʻiston viloyati, Tulkibosh tumani, V. Kuybishev nomidagi kolxozda tavallud topgan. Shanishqili qabilasining judirik urugʻidan boʻlgan.
1970—1989-yillarda – SSSR Fanlar akademiyasining Sharqshunoslik institutida stajyor, aspirant, doktorant; Marokashdagi Muhammad V universitetida stajyor, Qozogʻiston SSR Fanlar akademiyasi (hozirgi Qozogʻiston respublikasi milliy anlar akademiyasining M. O. Auezov nomidagi Adabiyot va sanʼat instituti ilmiy xodimi sifatida faoliyat yuritgan.
1977-yildan 1997-yilgacha – S. Kirov nomidagi Qozoq davlat universitetida ilmiy ishlar bilan shugʻullangan (hozirgi Al-Farobiy nomidagi Qozoq Milliy universiteti).
1980—1991-yillarda filologiya fakulteti va Absatar Derbisalining bevosita ishtirokida tashkil etilgan sharqshunoslik fakultetlarida rahbar lavozimlarda ishlagan.
1988—1989-yillarda filologiya fanlari doktori ilmiy darajasi va professor ilmiy unvoni berilgan.
1991-yildan Al-Farobiy nomidagi Qozoq davlat universitetining tillar va xalqaro aloqalar boʻyicha prorektori lavozimida faoliyat yuritgan.
2000-yil 24-iyundan 2013-yil 19-fevralgacha Qozogʻiston musulmonlari diniy boshqarmasi raisi va oliy muftiysi.
2000-yil iyul oyida Sarayevoda va 2002-yil aprel oylarida Kiprda boʻlib oʻtgan Yevroosiyo Islom shoʻrosining IV—V konferensiyalarida ushbu tashkilot raisining birinchi oʻrinbosari etib saylanadi.
2013-yildan Qozogʻiston Respublikasi Taʼlim va fan vazirligi Sharqshunoslik instituti direktori.
2021-yil iyul oyida Absattar Derbisali pnevmoniya bilan kasalxonaga yotqiziladi va 2021-yil 15-iyulga oʻtar kechasi kardiologiya boʻlimida yurak xastaligidan vafot etadi.
Adabiy va ilmiy ishlari
Absattar Derbisali arab tili va adabiyoti, qozoq adabiyoti va madaniyatining qadimiy davrlari, Qozogʻistonning xorijiy sharq musulmon mamlakatlari bilan maʼnaviy aloqalari, Oʻzbekiston tarixiga oid, shuningdek, Islom, Qur’on va Muhammad paygʻambarning hadislariga (naqllari) ooid 400 dan ortiq nazariy asarlar va amaliy ishlanmalar muallifi hisoblanadi.
Derbisalining koʻplab tadqiqotlar natijalari BMT (Seul, 1995) va YUNESKO (Toshkent, 2000; Doha, 2001) forumlarida, shuningdek, Yaponiya, Hindiston, Pokiston, Xitoy, Turkiya, Yaman, Iroq, Misr, Tunis, Marokash, Ispaniya, AQSh va boshqa mamlakatlar universitet va akademiyalarida taqdim etilgan.
Mukofotlari
Tanqid
Absattor Derbisalining „Qozogʻiston oliy muftiysi“ lavozimiga saylanishi Qozogʻiston musulmonlari diniy boshqarmasi nizomiga zid ravishda sodir boʻlgan, unga koʻra muftiy masjid yoki boshqa diniy tashkilotda 10 yil ishlashi kerak boʻlgan. Derbisali muftiylik qilgan qurultoyda yuqori martabali amaldorlar ishtirok etgan. Shu sababdan baʼzi musulmonlar muftiy saylovi hukumat amaldorlari tomonidan „soxtalashtirilgani“ haqida gapira boshlaydi. Absattor Derbisalining oʻzi buni tan olmaydi va bunga javoban ommaviy raddiya eʼlon qiladi.
2012-yilda „Qazaqstan qajylary“ diniy birlashmasi raisi (oʻzbekcha: Qozogʻiston ziyoratchilari) Baktibay Aynabekov Absattar Derbisalining 1982-yilda nashr etilgan („Mektep“ nashriyoti) „Arab adebieti“ (oʻzbekcha: arab adabiyoti) kitobining nashr etilishini cheklashni talab qilgan holda sudga murojaat etadi. Bunga sabab ushbu kitobda keltirilgan Islom va Qur’onning ateistik tanqidi edi. Aynabekovning soʻzlariga koʻra, kitobda paygʻambarning xotinlarini haqorat qiluvchi jumlalarni uchratish mumkin va Qur’on Muhammadning oʻz asari sifatida taqdim etiladi. Derbisalining tarafdorlari kitob sovet senzurasi davrida yozilganini, Aynabekovni esa „qora piar“ bilan shugʻullanganini hamda oʻtmishda „Din – afyun“ nomli teledasturni olib borganini aytishadi.
Manbalar
uz.wikipedia.org