Abiyda as-Salmoniy





Abiyda as-Salmoniy (arabcha: عبيدة السلماني,? — 72/691,?) — faqih, tobeʼin.


Asli yamanlik bo‘lib, Murod qabilasining Salmon urug‘iga nisbatan as-Salmoniy deyilgan. Islomga kirishidan oldin ham qabilasi orasida yuqori mavqega ega bo‘lib, qabilasining orifi sanalgan. Makka fathi asnosida musulmon bo‘lgan, biroq Payg‘ambar bilan uchrasha olmagan. Umar davrida Madinaga kelgan, keyinchalik u yerdan Kufaga ko‘chib o‘tgan. Ko‘pgina g‘azotlarda ishtirok etgan. Ali va xorijiylar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan jangda ham qatnash­gan. Sahobalarning ko‘pi bilan ko‘rishgan. Umar, Ali, Abdulloh ibn Mas’ud va Abdulloh ibn Zubayrlardan hadis rivoyat qilgan. Undan esa Muhammad ibn Siriyn, Shaʼbiy, Ibrohim an-Naxaʼiy va Abu Ishoq as-Sabiiy singari o‘sha davr­ning mashhur olimlari hadis rivoyat qilganlar.


Hadis munaqqidlari tomonidan ishonchli va rivoyatlari eng sahih isnodlardan, deb eʼtirof etilgan. Abiyda as-Salmoniyning fiqh va qiroatdagi ustozi Abdulloh ibn Mas’uddir. O‘zi esa baʼzi olimlar fikricha Kufaning to‘rtta mashhur faqihlari (Abiyda, Horis, Alqama va Shurayh)ning eng ustuni hisoblangan. Manbalarda Shurayh o‘zi yecha olmagan ayrim masalalarda Abiyda as-Salmoniy bilan maslahatlashib, keyin fatvo bergani haqida maʼlumotlar keladi.



Adabiyotlar




Manbalar















uz.wikipedia.org

Uzpedia.uz