Abduyoliyl ibn Amr





Abduyoliyl ibn Amr (arabcha: عبد ياليل بن عمرو — Abduyoliyl ibn Amr ibn Umayr as-Saqafiy) — Pamg‘ambar bilan kelishuv uchun Saqiyf qabilasi yuborgan hay’at boshlig‘i.



Hayoti



Payg‘ambar 620-yil Toifga qilgan safarlari chog‘ida Saqiyf qabilasi tomonidan yuborilgan hay’at aʼzolari va ularning boshlig‘i Abdu­yoliyl ibn Amr bilan uchrashadilar. Rasululloh ularni Islom diniga daʼvat qiladilar, biroq boshqalar kabi Abduyoliyl ibn Amr ham bu taklifni rad etadi. Makka fathidan so‘ng, mazkur qabiladan bo‘lgan Urva ibn Mas’ud Madinaga hijrat qilib musulmon bo‘lgan va hamshaharlarini Islomga daʼvat qilish uchun Toifga qaytgan. Toifliklar uning daʼvatiga qurol bilan qarshilik ko‘rsatib uni o‘ldiradilar. Biroq ke­yinchalik Saqiyf qabilasi vakillari musulmonlarga qarshilik ko‘rsatishda yolg‘iz qolganlarini anglab, hijratning to‘qqizinchi yili Abduyoliyl ibn Amr boshchiligidagi hay’atni Madinaga yuborishga majbur bo‘ladilar. Hay’at Payg‘ambar tomonlaridan qabul qilinib, Masjid an-Nabaviyning yaqinida tiklangan chodirlarga joylashtiriladi. Shunday qilib, ularga musulmonlarning hayotlarini yaqindan kuzatish imkoniyati beriladi. Hay’at aʼzolari Islomni qabul qilmasdan turib biror-bir kelishuvga erishib bo‘lmasligini tushunib yetganlaridan so‘ng, musulmon bo‘lish uchun baʼzi shartlarni o‘rtaga tashlaydilar. Payg‘ambar ularning janglarda qatnashmaslik, ushr bermaslik va o‘zlaridan bo‘lmagan rahbarlar tomonidan boshqarilmaslik shaklidagi istaklarini qabul qiladilar, faqat, namozdan ozod bo‘lish istak­lariga "Namozi bo‘lmagan dinning hech qanday qiymati qolmaydi" deb, ushbu shartni rad etadilar. Hay’at boshlig‘i Abduyoliyl ibn Amr qabilasi aʼzolari Islom dini man qilgan zino, sharob va ribo kabi yomon odatlarni tark eta olmasligini aytadi. Boshqa aʼzolar ham Lot ismli butlariga yana uch yil sig‘inish uchun izn berilishini so‘raydilar. Bu shartlar ham Rasululloh tomonlaridan qabul qilinmaydi.


Nihoyat, Abduyoliyl ibn Amr va hay’atning boshqa aʼzolari Islomni qabul qiladilar. Ular Payg‘ambarning Saqiyf qabilasiga xitoban yozgan maktublari bilan ortlariga qaytadilar. Biroq musulmon bo‘lganlari va Payg‘ambardan olgan buyruqlarini bir muddat toifliklardan sir tutadilar. Keyinchalik Islomni ularga tushuntiradilar va qabila aʼzolarining musulmon bo‘lish­larini taʼminlaydilar. Foizni man qiluvchi oyatlardan biri ("Baqara" surasi, 278-oyat) Abduyoliyl ibn Amr va uning tarafdorlari haqida nozil bo‘lgani rivoyat qilinadi.



Adabiyotlar




Manbalar















uz.wikipedia.org

Uzpedia.uz