Abdumajid Madraimov





Abdumajid Madraimov (1946-yil 5-aprel; Andijon shahri, O'zbekiston SSR) — tarix fanlari doktori, professor, manbashunos, sanʼatshunos, tarjimon, sanʼatshunoslik fanlari nomzodi, dotsent, tarixchi, tarix fanlari doktori, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Temuriylar tarixi davlat muzeyi, O‘zbekiston davlat sanʼat muzeyi katta ilmiy xodimi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, Kamoliddin Behzod nomidagi milliy rassomlik va dizayn instituti pedagogi. Olim ilmiy ish, maqola va asarlarida asosan Temuriylar davri tarixi hamda sanʼatini yoritib keladi.




Hayoti va ilmiy faoliyati



Abdumajid Madraimov 1946-yil 5-aprelda Andijon viloyati Andijon shahrida tugʻilgan. 1964-yilda oʻrta maktabni oltin medal bilan tugatgan. 1970-yilda Toshkent Davlat Universiteti (hozirgi Oʻzbekiston milliy universiteti)ning Sharq fakulteti, Hind boʻlimini imtiyozli diplom bilan bitirgan. 1968—1969-yillarda Hindistonning Lakhnau universitetida o‘quv amaliyotini o‘tagan. 1970—1977-yillari UzR FA Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyida ishlagan.


Abdumajid Madraimov 1978—2003-yillarida O‘zR FA Abu Rayxon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida ilmiy xodim, laboratoriya mudiri, katta ilmiy xodim lavozimida faoliyat olib borgan. 2003—2010-yillari O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Kamoliddin Behzod nomli memorial bog‘ muzey muassasa direktori lavozimida ishlagan. 1979-yili "Tarixiy asarlarga ishlangan XVI asr oxiri XVII asr boshlari hind miniatyuralari („Boburnoma“ rasmlari) mavzusida nomzodlik, 2003-yili „XV- XVI asrlar Markaziy Osiyo kitobat tarixi manbalari“ („Alisher Navoiy asarlari qo‘lyozmalari“) mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilib, tarix fanlari doktori ilmiy darajasini olgan. 2010-yil professorlik ilmiy unvonini olgan. 1990-yili Sankt-Peterburgda Rossiya FA Sharqshunoslik instituti Sankt-Peterburg bo‘limi (hozirda Sharq qo‘lyozmalari instituti)da yirik arabshunos A. B. Xolidov rahbarligida malaka oshirgan, 2006-yili Turkiyaning Istanbul shahridagi muzey va kutubxonalari bilan tanishgan. Shuningdek, Madraimov Ozarbayjonda (Boku, 1983—1988) YUNESKO tashkil etgan xalqaro simpoziumda, arxeografiya bo‘yicha Rossiyada (Qozon 1988) va Ozarbayjon (Boku, 1984)da bo‘lib o‘tgan ilmiy konferensiyada, Rossiya (Moskva, 1989)dagi xalqaro konferensiyada, Hindistonda (Dehli, 2014), Qozog‘istondagi „Buyuk ipak yo‘li shaharlari“ (Turkiston, 2018) kabi konferensiyalarga o‘z maʼruzalari bilan ishtirok etgan.


2010-yil 15-dekabridan 2016-yil apreligacha O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Bosh ilmiy kotibi lavozimda faoliyat yuritgan. 2016-yil may oyida O‘zR FA Temuriylar tarixi davlat muzeyiga katta ilmiy xodim bo‘lib ishga kirgan va dekabr oyidan 2022-yilning 15-apreligacha bo‘lim mudiri lavozimida ishlagan. Hozirda muzeyning katta ilmiy xodimi lavozimida ishlab kelmoqda.



Oilasi



Otasi: Madraimov Abduraim — 1900-yil, Andijon shahrida tugʻilgan, 1984-yilda vafot etgan. Mashinasozlar zavodi ishchisi boʻlgan.


Onasi: Madraimova (Holmatova) Busora (Bibi Sora) — 1903-yil, Andijon shahrida tugʻilgan, uy Bekasi boʻlgan, 1962-yili vafot etgan.


Turmush oʻrtogi: Madraimova (Igamova) Zebo Abaqulovna — 1947-yili Toshkent shahrida tugʻilgan, vrach-tarapevt. Sogʻliqni saqlash vazirligi 4-boshqarmaning 3- poliklinikasida vrach boʻlib ishlagan, hozir nafaqada.


Oʻgʻli: Madraimov Hindol Abdumajidovich — 1974-yili Toshkent shahrida tugʻilgan, 1996-yil Sankt-Peterburg universitetini bitirgan, filologiya fanlari nomzodi, Turkiyada yashaydi. Erkin ijodkor.


Oʻgʻli: Madraimov Askariy Abdumajidovich — 1976-yili Toshkent shahrida tugʻilgan, Toshkent davlat Pedagogika universiteti bakalaviratura, Oʻzbekiston Milliy universiteti magistraturasini bitirgan, tarix fani boʻyicha falsafa doktori (PhD), Toshkent davlat Sharqshunoslik universiteti dotsenti.


Qizi: Toʻraxojaeva (Madramova) Shamsiroʻy Abdumajidovna — 1984-yili Toshkent shahrida tugʻilgan. Sharqshunoslik universitetini bakalavr va magistr darajasida bitirgan. Hozirda uy bekasi.



Manbalar




Havolalar



Abdumajid Madraimovning youtubedagi kanali








uz.wikipedia.org

Uzpedia.uz