Abdulvahhob Xallof
Abdulvahhob Xallof (arabcha: عبد الوهاب خلاف) — misrlik olim va huquqshunos.
Hayoti
Otasining ismi — Abdulvohid. 1915-yilda al-Azhar universitetiga qarashli "Madrasa al-qazo ash-shar’iyya"ni tamomlagan. Bir muddat mazkur madrasada usul al-fiqh mutaxassisi sifatida mudarrislik qilganidan so‘ng, bir necha yillar davomida shar’iy mahkamada qozi bo‘lib ham ishlagan. Keyinroq shar’iy mahkamaning taftish aʼzosi etib tayinlangan. 1936-yilda Qohira universitetining huquq fakulteti professori etib tayinlanadi va nafaqaga chiqishiga qadar ushbu vazifada xizmat qiladi. Abdulvahhob Xallof Arab tili akademiyasining ("Majmaʼ al-lug‘a al-’arabiyya") aʼzosi ham bo‘lgan. Mazkur akademiyaning aʼzosi sifatida Qur’oni karim lug‘atlarini ishlab chiqishda mutasaddilardan biri bo‘lgan. Shuningdek, taqlid va bid’atlarga qarshi chiqqan Abdulvahhob Xallof o‘zi ishlagan taʼlim dargohlaridagi darslarida mazkur tushunchani quvvatlovchi huquqshunoslar yetishib chiqishiga o‘z hissasini qo‘shgan. Hofizi Qur’on bo‘lgan Abdulvahhob Xallof islomiy ilmlarning ko‘pgina sohalarida salmoqli asarlar taʼlif qilgan.
Asarlari
— „Ilm usӯl al-fiqh“. Ilk marta 1942-yilda Qohirada chop etilgan. Mazkur kitob tilining soddaligi, ko‘pchilik tomonidan o‘zlashtirilishiga qulayligi tufayli ko‘pgina arab davlatlarida darslik sifatida qabul qilingan. Kitob to‘rt qismdan iborat bo‘lib, birinchi qismda shar’iy hukmlar olinadigan manbalar haqida, ikkinchi qismda shar’iy hukmlar to‘g‘risida batafsil maʼlumot berilgan. Uchinchi qism usul al-fiqhning lug‘aviy qoidalariga, to‘rtinchi qism shar’iy hukmlar chiqarish qoidalariga bag‘ishlangan. Hukm chiqarishdan maqsad, hukmlarda Allohning va mukallafning haqqi, nimalarda ijtihod qilish mumkin, hukmning nasx bo‘lishi, hukmlardagi qarama-qarshilik va uni yechish kabi qoidalar alohida boblar sifatida keng yoritilgan. Ushbu asar islomshunos olim Salohiddin Muhiddinov tomonidan 1997, 1999-yillarda o‘zbek tiliga tarjima qilinib, nashr ettirilgan.
— „Xulāsa tarӣx at-tashrӣ’ al-islāmӣ“. 1968-yilda Quvaytda chop etilgan. „As-Siyāsa ash-shar’iyya“ (Qohira,1397/1977-yil). Mazkur asar al-Azhar universitetida o‘qitilgan darslar qaydlaridan iborat. Unda musulmon davlatining siyosiy, huquqiy va moliyaviy tuzilishi va shaxslarning huquq va erkinliklari haqida so‘z boradi.
— "Ahkām al-vaqf" (Qohira, 1942-yil)
— "Al-Ahvāl ash-shaxsiyya"
— "Ahkām al-mavārӣs"
— "Masādir at-tashrӣ’ al-islāmӣ fӣ mā lā nassa fӣh" (Qohira, 1955-yil)
— "Al-Ijtihād va-t-taqlӣd"
— "Nӯr min al-Qur’ān al-Karӣm" (Qohira, 1948-yil)
— "Nӯr ’alā nӯr" (Qohira, 1952-yil)
— "Al-Ijtihād bi-r-raʼy" (Qohira, 1950-yil).
Adabiyotlar
Manbalar
uz.wikipedia.org