Abdulvahhob ibn Ato al-Xaffof





Abdulvahhob ibn Ato al-Xaffof (arabcha: عبد الوهاب بن عطاء الخفاف — Abu Nasr Abdulvahhob ibn Ato al-Xaffof al-Basriy) — muhaddis.




Hayoti



Kunyasi — Abu Nasr al-Basriy. Bag‘dodda yashagan. Bani Ijl qabilasining mavlosi bo‘lgani bois „al-Ijliy“ nisbasi bilan ham zikr qilinadi. "Kosib" maʼnosini anglatuvchi „al-Xaffof“ nisbasi uning laqabi bo‘lib, mazkur laqabni nima sababdan olgani nomaʼlum. Mashhur muhaddis Saʼid ibn Abu Arubaning hadislarini yaxshi bilgani, uning darslariga ko‘p yillar davomida qatnagani va ustozining kitoblarini yozib olib talabalarga o‘rgatgani bilan mashhur bo‘lgan. Abdulvahhob ibn Ato al-Xaffof , shuningdek, ustozidan hadis ham rivoyat qilgan. Humayd at-Tavil, Sa’id al-Jaziriy, Sulaymon at-Taymiy, Ibn Avn, Xolid al-Huzoiy, Savr ibn Yazid, Sa’id ibn Abu Aruba, Muhammad ibn Amr ibn Alqama, Abu Amr ibn al-Alo, Imron ibn Hudayr, Ibn Jurayj, Molik ibn Anas kabi muhaddislardan hadis o‘rgangan.


Muhaddis, yetti qi­roat imomlaridan bo‘lgan Abu Amr ibn Alodan hadislar va qiroat uslubini rivoyat qilgan. Undan Ahmad ibn Hanbal, Amr an-Noqid, al-Hasan ibn Muhammad az-Za’faroniy, Abbos ad-Davriy, Yahyo ibn Ja’far al-Barqiy, Horis ibn Abu Usoma, Yahyo ibn Maʼiyn, Amr ibn Zirora an-Naysoburiy, Abdulloh ibn Muhammad ibn Ishoq, Abu Savr Ibrohim ibn Xolid al-Kalbiy, Ibrohim ibn Sa’id al-Javhariy, Ishoq ibn Mansur, Muhammad ibn Sulaymon al-Anboriy, Muhammad ibn Ahmad ibn al-Avvom al-Rayohiy, Yahyo ibn Abu Tolib kabi muhaddislar hadis rivoyat qilganlar.


Uning muhaddislar orasidagi martabasi turlicha bayon qilingan. Yahyo ibn Maʼiyn, ad-Doraqutniy, Hasan ibn Sufyon kabi muhaddislar uni ishonchli roviy ekanini maʼlum qilganlar. Abdulvahhob ibn Ato al-Xaffofni yaqindan tanigan Yahyo ibn Sa’id al-Qatton ham u haqida ijobiy fikrlarni bildirgan. Imom al-Buxoriy va an-Nasoiylar uning rivoyatlarini „quvvatli emas“, deganlar. Ahmad ibn Hanbal uning rivoyatlarini zaif sanagan. Abdulmalik al-Maymaniy ham ustozi Ahmad ibn Hanbaldan rivoyat qilib, uning hadislari zaif, muztarib deb, zikr qilgan. Shamsuddin az-Zahabiy uning rivoyat qilgan hadislarini hasan darajasida qabul qilgan. Usmon ibn Abu Shayba „Abdulvahhob ibn Ato yolg‘onchi emas, biroq uning rivoyatlariga suyanib bo‘lmaydi“, degan.



Vafoti



Abdulvahhob ibn Ato al-Xaffof 819-820-yillar (hijriy 204-yil)da Bagʻdodda vafot etgan.



Adabiyotlar




Manbalar















uz.wikipedia.org

Uzpedia.uz