Abdulvahhob as-Sobuniy





Abdulvahhob as-Sobuniy (arabcha: عبد الوهاب الصابوني — Abdulvahhob ibn Mustafo ibn Ibrohim as-Sobuniy al-Hamadoniy) — mavlaviy ulamo.




Hayoti



Naqshbandiyya tariqati shayxining o‘g‘li. Baʼzi manbalarda Abdulvahhob ibn Jaloluddin Muhammad al-Hamadoniy deb ham zikr qilingan. Safaviylardan Shoh Tahmosbning Hamadonni ishg‘ol etishi hamda sunniylarga nisbatan bosim o‘tkazishi natijasida avval Onado‘liga, so‘ng Damashqqa, u yerdan esa Misrga ko‘chib ketgan. "Savoqib ul-manoqib" nomli asarini 947/1540-yilda Qohirada yozgan. Shoir va bibliograf Hasan Chalabiy otasi Ali Chalabiyning Abdulvahhob as-Sobuniy bilan Qohirada uchrashgani va yaqin do‘st bo‘lganlari haqida maʼlumot qoldirgan.


Keyinchalik, Abdulvahhob as-Sobuniy haj qilish maqsadida Makka va Madinaga safar qilgan.


Bir manbaga ko‘ra Abdulvahhob as-Sobuniy 954/1547-48 yillarda Shomda, boshqa manbaga ko‘ra esa, ayni shu yilda Madinada vafot etgan.



Ijodi



Tarixiy manbalarda Abdulvahhob as-Sobuniy qalamiga mansub "Sharhi muammoyot Mir Husayn", "Savoqib ul-manoqib", "Sirot ul-mus­taqiym" hamda "Navoyi xurus" nomli to‘rtta forsiy asarlari borligi qayd etilgan. Bizgacha shoirning faqatgina „Savoqib ul-manoqib“ asari yetib kelgan. Tadqiqotchilarning fikriga ko‘ra, Abdulvahhob as-Sobuniy mazkur asarni Ahmad Aflokning "Manoqib ul-orifiyn" asari ustida chuqur izlanish olib borib, uning baʼzi qismlarni chiqarib tashlab, baʼzi o‘rinlarga yangi maʼlumotlar va izohlar kiritgan holda yozgan. 1540-yilda yozib tugallangan ushbu asar muqaddima, har biriga „Zikr“ deb nom berilgan to‘qqiz bo‘lim va xotimadan iborat. „Zikr“larda mavlaviylarning peshvolaridan bo‘lgan Bahouddin Valad, Sayyid Burhonuddin, Mavlono, Shams at-Tabriziy, Salohuddin Zarkub, Chalabiy Husomuddin, Sulton Bahouddin, Chalabiy Orif, Shamsuddin Amir Chalabiy haqida maʼlumotlar berilgan. Asarning qo‘lyozma nusxalari dunyo­ning turli kutubxonalarida, jumladan, Turkiyaning Sulaymoniya, To‘pqopi saroyi muzeyi kutubxonalarida saq­lanadi. Asar Darvesh Xalil Sanoiy va Darvesh Mahmud Dede tomonidan turk tiliga tarjima qilingan.



Adabiyotlar




Manbalar















uz.wikipedia.org

Uzpedia.uz