Abdulqohir al-Bag‘dodiy
Abdulqohir al-Bag‘dodiy (arabcha: عبد القاهر البغدادی — Abu Mansur Abdulqohir ibn Tohir ibn Muhammad at-Tamimiy al-Bag‘dodiy,?, Bag‘dod — 429/1037, Isfaroyin) — shofeʼiy faqihi, matematik.
Tavallud sanasi maʼlum emas, ammo 365/975-yilda vafot etgan Abu Bakr ibn Adiydan taʼlim olgani haqidagi maʼlumotlarga ko‘ra, 350/961-yillarda tug‘ilganini taxmin qilsa bo‘ladi.
Taʼlimi
Abdulqohir al-Bag‘dodiy ilk saboqlarini Bag‘dod faqihlaridan biri bo‘lgan otasidan olgan. Tahsilining katta qismini Bag‘dodda Amr ibn Saʼid, Muhammad ibn Jaʼfar, Abu Bakr al-Ismoiliy va Abu Bakr ibn Adiy kabi olimlardan oladi. Keyinchalik otasi bilan Nishopurga ko‘chib, ilmini o‘sha yerda davom ettirish bilan birga mudarrislik ham qilgan. U yerda Abdulqohir al-Bag‘dodiy bilan shaxsan uchrashganini qayd etgan Ibn Furak bilan ko‘rishadi.
Faoliyati
Ko‘p o‘tmay, otasi vafot etadi (383/993-yil). Turkman isyonining chiqishi va saljuqiylarning Nishopurni ishg‘ol qilishi natijasida bu yerni tark etib, Isfaroyinga ko‘chib o‘tadi va Abu Ishoq al-Isfaroiyniyning darslariga qatnaydi. Ustozining vafotidan keyin uning o‘rniga o‘tib, Masjidi Uqayldagi ilm darslarini davom ettiradi.
Abdulqohir al-Bag‘dodiyning o‘n yetti ilmdan dars bergani naql qilingan. Xususan, kalom, mazhablar tarixi, fiqh va usul al-fiqh, adabiyot va matematikada ustoz sifatida qabul qilingan. Hatto Faxruddin ar-Roziy ham uni matematikada ustun ekanligini eʼtirof qilgan. Abu-l-Qosim al-Qurashiy va Abu Bakr al-Bayhaqiy singari Xuroson olimlarining ko‘plariga ustozlik qilgan. Islom ilmlari tarixidagi shuhratiga ko‘proq „Al-Farq bayna-l-firaq“ va „Usӯl ad-dӣn“ nomli kitoblari orqali erishgan. Asarlarida ash’ariy kalom olimlarining ahli sunna aqidasini ochiq uslubda va o‘ziga xos tasnif etishi, ayniqsa, muxoliflariga qarshi ahli sunnani izchil himoya qilishi diqqatga sazovordir.
Adabiyotlar
Manbalar
uz.wikipedia.org