Abdulloh ibn Utba
Abdulloh ibn Utba (arabcha: عبد الله بن عتبة — Abu Ubaydulloh Abdulloh ibn Utba ibn Mas’ud al-Huzaliy al-Madaniy al-Kufiy,? — 74/693, Kufa) — sahoba, faqih, muhaddis.
Hayoti
Mashhur sahoba Abdulloh ibn Mas’udning jiyani Abdulloh ibn Utba Payg‘ambarning vafotlari vaqtida juda kichik yoshda bo‘lgani manbalarda zikr qilingan. Baʼzi olimlar tomonidan tobeʼin deb hisoblangan Abdulloh ibn Utba Kufaning peshvo olimlaridan bo‘lgan.
Hadislari
Undan ko‘plab hadis va fatvolar naql qilingan. Hadis rivoyatida siqa bo‘lgani xususida maʼlumotlar bor. Rasulullohdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri rivoyati bo‘lmagan Abdulloh ibn Utba, ko‘proq amakisi Ibn Mas’ud, Umar, Ammor va Abu Hurayralardan hadis rivoyat qilgan. Undan esa Madinaning mashhur yetti faqihidan (fuqahoi sab’a) biri bo‘lgan o‘g‘li Ubaydulloh, Omir ash-Sha’biy, Abu Ishoq as-Sabiiy va Muhammad ibn Siriynlar hadis rivoyat qilganlar.
Vafoti
Abdulloh ibn Utba Umarning xalifaligi davrida Madinada bozor nazoratchisi etib tayinlangan. U 66/685-yilda Kufada isyon chiqarib shaharni qo‘lga kiritgan Muxtor as-Saqafiy tomonidan Shurayhning o‘rniga qozi etib tayinlangan. Biroq qisqa vaqtdan so‘ng xastaligi sababli vazifadan ozod qilingan. Mus’ab ibn Zubayrning hokimligi davrida ham ikki yil (686-687-yillar) Kufada qozilik qilgan Abdulloh
ibn Utba o‘sha yerda vafot etgan.
Adabiyotlar
Manbalar
uz.wikipedia.org