Abdulloh ibn Ubay
Abdulloh ibn Ubay (arabcha: عبد الله بن أبي — Abdulloh ibn Ubay al-Xorazmiy, taxminan 200/,? — taxminan 290/903,?) — hadis hofizi, muhaddis.
Tavalludi
Manbalarda Abdulloh ibn Ubay al-Xorazmiyning tug‘ilgan sanasi haqida maʼlumotlar mavjud bo‘lmasa-da, olim 90 yoshdan oshiqroq umr ko‘rgani va 290/903-yillar boshlarida hayot bo‘lgani haqida aytilgan. Mazkur maʼlumotdan kelib chiqib, Abdulloh ibn Ubay hijriy 200-yillar atrofida tavallud topganini taxmin qilish mumkin.
Faoliyati
Abdulloh ibn Ubay Xorazm qozisi lavozimida faoliyat olib borgan.
Ilm talabida dunyo kezib, Ahmad ibn Yunus al-Yarbuv’iy, Sulaymon ibn Abdurrahmon ad-Dimashqiy, Sa’id ibn Mansur, Ishoq ibn Rohavayh, Qutayba ibn Sa’id, Ishoq ibn Ibrohim al-Hanzaliy, Ishoq ibn Xotam al-Allof, al-Hasan ibn Quz’a, Xallod ibn Aslam, Abdula’lo ibn Hammod an-Narsiy, Ali ibn al-Husayn ibn Ashkob, Ali ibn Salama al-Labaqiy, Amr ibn Zarora, Abu Komil al-Jahdariy, Muhammad ibn Abu Rajo, Muhammad ibn Ya’la al-Hiraviy, Haryam ibn Abd al-Asdiy, Yahyo ibn Ayyub al-Maqobiriydan hadis eshitgan.
O‘z navbatida, Abdulloh ibn Ubaydan Imom Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy, Muhammad ibn Ali as-Soniy al-Hassoniy al-Xorazmiy, Abu-l-Abbos ibn Hamdon al-Hiriylar hadis rivoyat qilganlar.
Imom al-Buxoriy u haqida
Imom al-Buxoriy Xorazmga borganida Abdulloh ibn Ubayning uyida mehmon bo‘lgan, uning kitoblari bilan tanishgan va undan baʼzi narsalarni yozib olgan. O‘zining „Az-Zu’afā al-kabӣr“ kitobida hadislarni sanad bilan ham, taʼliq holatda ham Abdulloh ibn Ubaydan rivoyat qilgan. Imom al-Buxoriy shuningdek, „Al-Jāmi’ as-sahӣh“ asarida: „Bizga Abdulloh, unga Sulaymon ibn Abdurrahmon … hadis aytdi“, deb hadisni zikr qilgan. Zikr qilingan Abdullohdan murod Abdulloh ibn Ubaydir.
Adabiyotlar
Manbalar
uz.wikipedia.org