Abdulloh ibn Solih al-Misriy





Abdulloh ibn Solih al-Misriy (arabcha: عبد الله بن صالح المصري — Abu Solih Abdulloh ibn Solih ibn Muhammad al-Juhaniy al-Misriy, 139/756, Misr — 223/838,?) — muhaddis.




Ustozlari



Abdulloh ibn Solih al-Misriy Kotib al-Lays nomi bilan ham tanilgan. U misrlik ustozlari Muoviya ibn Solih, Harmala ibn Imron, Muso ibn Ulay, Abdulloh ibn Vahblardan hadisni, Hamza ibn Zay­yofdan esa, Qur’onni o‘rgangan. Mashhur muhaddis Lays ibn Saʼdga yigirma yil shogird bo‘lib, undagi hadisga oid yozma manbalarni ko‘chirib yozishga bel bog‘lagani uchun „Kotib al-Lays“ („Laysning kotibi“) laqabini olgan.



Shogirdlari



Mashhur muhaddislar Abu Ubayd al-Qosim ibn Sallom, Yahyo ibn Maʼiyn, Imom ad-Dorimiy, Imom al-Buxoriy, Abu Zur’a ad-Dimashqiylarga hadisdan taʼlim bergan. Abu Dovud, Imom at-Termiziy va Ibn Moja kabi muhaddislar uning rivoyatlarini shogirdi Abu Ali al-Hasan ibn Ali al-Xallol orqali olishgan.



Hadislari



Baʼzi hadisshunoslar Abdulloh ibn Solih al-Misriyni hadis rivoyat qilishda zabt jihatidan tanqid qilgan bo‘lsalar-da, boshqa muhaddislar unga o‘ta ishonchli, yaʼni siqa roviy, deb baho berganlar. Avvalda o‘ta kuchli xotiraga ega hassos kishi bo‘lgan Abdulloh ibn Solih al-Misriy umrining oxirida xotirasining pasayishi tufayli tanqid­ga uchragani ham aytilgan. Shu sababli uning tariyqi orqali kelgan rivoyatlar, asosan, hasan hisoblangan. Chunonchi, Imom al-Buxoriy uning bunday hadislarini „Al-Jāmi’ as-sahӣh“iga kiritmagan, biroq „Al-Adab al-mufrad“ nomli kitobida ulardan qirq oltitasini keltirgan.


Abdulloh ibn Solih al-Misriyning asarlari haqida maʼlumot yo‘q. Fuat Sezgin (Fuat Sezgin) uning Abdulloh ibn Vahb tariyqi bilan rivoyat qilgan o‘n olti betdan iborat hadis majmuasi bugungi kunimizgacha yetib kelgani va Qohirada saqlanayotganini qayd etgan.



Adabiyotlar




Manbalar















uz.wikipedia.org

Uzpedia.uz