Abdulloh ibn Navfal
Abdulloh ibn Navfal (arabcha: عبد الله بن نوفل — Abu Muhammad Abdulloh ibn Navfal ibn Horis ibn Abdulmuttalib ibn Hishom,? — 63/682, Madina) — sahoba.
Hayoti
U va otasi sahobalardan. Payg‘ambarning eng katta amakilari Horis Abdulloh ibn Navfalning bobosi edi. U Payg‘ambarga ko‘proq o‘xshagan sahobalardan bo‘lgan.
Qozilik davri
Madina voliysi Marvon ibn Hakam uni 622-yil Madinaga qozi qilib tayinlagan. 669-yil Muoviya Marvon ibn Hakamni lavozimidan bo‘shatib, voliylikka Sa’id ibn Osni tayinlaydi. Yangi voliy Abdulloh ibn Navfalni vazifasidan bo‘shatib, o‘rniga Abu Salama ibn Abdurrahmon ibn Avfni qo‘yadi. Abu Hurayraning Abdulloh ibn Navfal haqida „U Islomda men ko‘rgan birinchi qozidir“, degani rivoyat qilingan. Imom Molik ham shu fikrni bildirgan. Holbuki, Payg‘ambar davrlarida ham, xulafoi roshidiynlar tomonidan ham ko‘pgina shaharlarga qozilar tayinlangani maʼlum. Shuningdek, Abu Bakr davrida Umarning, Umar davrida Abu Dardoning, Usmon davrida esa, Mug‘iyra ibn Navfal ibn Horisning qozilik ishlarini yuritganlari haqida manbalarda aniq maʼlumotlar mavjud. Abdulloh ibn Navfalning sakkiz yil davom etgan Madina qoziligidan so‘ng, boshqa lavozimda faoliyat olib borgani xususida manbalarda maʼlumotlar yo‘q. Abdulloh ibn Navfalning hadis rivoyat qilgani haqida ham hech qaysi manbada maʼlumotlar yo‘q.
Vafoti
Uning vafot sanasi haqida ham har xil rivoyatlar mavjud. Muoviya xalifalik davrining oxirgi (661-680-yillar) yillarida yoki 63/682-yil Harra voqeasida vafot etgani aytiladi. Shuni ham taʼkidlash kerakki, ayrim mualliflar 84/703-yil vafot etgan jiyani Abdulloh ibn Horis al-Hoshimiyni Abdulloh ibn Navfal bilan adashtirganlar.
Adabiyotlar
Manbalar
uz.wikipedia.org