Abdulloh ibn al-Horis al-Hoshimiy





Abdulloh ibn al-Horis al-Hoshimiy (arabcha: عبد الله بن الحارث الهاشمي — Abu Muhammad Abdulloh ibn al-Horis ibn Navfal al-Qurashiy al-Hoshimiy, 9/630, Madina — 84/703, O‘mon) — muhaddis, tobe’in.




Oilasi



Bobosi Navfal Payg‘ambarning amakisi Horisning o‘g‘li. Bobosi ham, otasi ham sahoba bo‘lganlar. Abdulloh ibn al-Horis al-Hoshimiy Payg‘ambar vafotlaridan ikki yil oldin tug‘ilgan. Onasi Hind — Abu Sufyonning qizi va Payg‘ambarning qayin singillaridir. Yangi tug‘ilgan vaqtlarida xolasi Ummu Habibaning uyi­ga olib borilganda Payg‘ambar Abdulloh ibn al-Horis al-Hoshimiyni ko‘rib qoladilar va og‘ziga ilk luqmani solib (tahnik), duo­yi xayr qiladilar. Kichkinaligida onasi uni „bebbe“ (do‘mboqcha) deb, erkalatgani uchun keyinchalik shu laqab bilan mashhur bo‘lgan.



Faoliyati



Abdulloh ibn al-Horis al-Hoshimiy Shom diyori fathida ishtirok etgan. Keyinchalik otasi bilan birga Basraga ko‘chib o‘tadi va o‘sha yerda istiqomat qilib qoladi. Basralik­lar Abdulloh ibn al-Horis al-Hoshimiyni yaxshi bilganlari sababli Yazid ibn Muoviya vafot etgach, uni voliy etib saylaydilar hamda uning nomidan Abdulloh ibn Zubayrga bay’at qiladilar (684-yil). Lekin Ibn Zubayr keyinchalik uni bu lavozimdan ozod qiladi.



Vafoti



Hajjoj ibn Yusuf Iroqqa voliy bo‘lgach, Abdurrahmon ibn Ash’as unga qarshi kurash olib boradi. Ibn Ash’asning atrofida Iroqning ko‘plab ulamolari, shu jumladan, Abdulloh ibn al-Horis al-Hoshimiy ham jamlanadi. Biroq, mazkur harakat mag‘lub bo‘lgach, Abdulloh ibn al-Horis al-Hoshimiy Basradan qochib O‘monga joylashadi va taxminan sakson yoshida vafot etadi. Ibn Hibbon uni som yeli (garmsel urgani) oqibatida 698-yil vafot etib, Abvoga ko‘milganini aytsa-da, bu tarzda o‘lgan kishi u emas, o‘g‘li Abdullohdir.



Rivoyat va hadislari



Abdulloh ibn al-Horis al-Hoshimiyning rivoyatlari „Kutubi sitta“da ham kelgan va Yahyo ibn Ma’iyn, Ali ibn al-Madiniy, Imom an-Nasoiylar tomonidan siqa deb tan olingan. Abdulloh ibn al-Horis al-Hoshimiy Umar, Usmon, Ali, Abbos ibn Abdulmuttalib, Ubay ibn Ka’b kabi sahobalardan ko‘pgina hadis ri­voyat qilgan. To‘g‘ridan-to‘g‘ri Payg‘ambardan qilgan rivoyatlari esa, mursaldir. O‘zidan esa, o‘g‘illari Ishoq, Abdulloh va Ubaydullohlar, allomalardan Ibn Shihob az-Zuhriy, Abu Ishoq as-Sabiiy va Umar ibn Abdulazizlar rivoyat qilganlar.



Adabiyotlar




Manbalar















uz.wikipedia.org

Uzpedia.uz