Abdulloh ibn al-Arqam
Abdulloh ibn al-Arqam (arabcha: عبد الله بن الأرقم - Abdulloh ibn al-Arqam ibn Abduyag‘us ibn Vahb ibn Abdumanof ibn Zuhra al-Qurashiy — ? - taxminan 644-656, Madina) — sahoba.
Hayoti
Payg‘ambarga ona tomondan qarindosh bo‘lgan Abdulloh ibn al-Arqam Makka fathi asnosida Islomni qabul qilgan va vahiy kotiblari orasidan o‘rin olgan. Xususan, hukmdorlardan kelgan maktublarni o‘qish, saqlash, javob yozishda Payg‘ambarga yordamchi bo‘lgan va Ul Zotning ishonchlarini qozongan. Shu bois Abdulloh ibn al-Arqam yozgan javob xatlarini Payg‘ambar qayta o‘qitmasdan muhr bosganlari rivoyat qilinadi. Chunonchi, bu samimiyat va sadoqatining mukofoti tariqasida Payg‘ambar unga Xaybar o‘ljalaridan ellik vasq (o‘lchov birligi) berganlar. Abdulloh ibn al-Arqam Abu Bakr xalifaligi davrida ham diplomatik aloqalarni yuritish lavozimida ishlagan. Umar xalifaligida Baytulmolga rahbar etib tayinlangan. Xalifa Umar Abdulloh ibn al-Arqamning qobiliyati va rostgo‘yligiga tan bergani, hatto uningdek Allohdan qo‘rqadigan boshqa kishini ko‘rmaganini aytgan. Usmon davrida ham qisqa muddat mazkur lavozimda ishlagan. Keyinroq o‘z ixtiyori bilan ushbu lavozimdan bo‘shagan. Qilgan xizmatlari evaziga xalifa Usmon 30000 dirham pul taklif qilganida u bu ishni Alloh roziligi uchun qilganini aytib, pullarni olmagan. Hayotining so‘nggi yillarida ko‘zlaridan ayrilgan Abdulloh ibn al-Arqam, Usmon xalifaligi davrida vafot etgan.
Abdulloh ibn al-Arqam Payg‘ambardan hadis rivoyat qilgan. Undan esa, Abdulloh ibn Utba ibn Mas’ud, Yazid ibn Qatoda va Urvalar hadis rivoyat qilganlar. Uning bitta hadisi Ahmad ibn Hanbalning „Musnad“ida (III, 483, IV, 35) keltirilgan.
Adabiyotlar
uz.wikipedia.org