Abdulloh ibn Abdulloh





Abdulloh ibn Abdulloh (arabcha: عبد الله بن عبد الله — Abdulloh ibn Abdulloh ibn Ubay ibn Salul al-Ansoriy al-Xazrajiy) — sahoba.



Hayoti



Xazraj qabilasining sayyidi, Pay­g‘am­bar davri­dagi munofiqlarning rahnamosi, Abdulloh ibn Ubay ibn Salulning o‘g‘li bo‘lgan. Uning asl ismi Hubob bo‘lib, musulmon bo‘lgach, otasini ham "„Abu Hubob“" kunyasi bilan chaqirishgani uchun Payg‘ambar „Hubob shaytondir“ deb, ismini Abdullohga o‘zgartirganlar. U sahobalar rahbarlaridan biridir. U Payg‘ambar bilan Badrgacha bo‘lgan deyarli har bir jangda qatnashgan.


Hijriy 6 yili Bani Mustaliq jangidan qaytayotganda Ibn Salul ichida saqlab yurgan adovatini oshkor qilib, muhojirlarga qarata „Madinaga borganimizda aziz va sharafli bo‘lganlar u yerdan kuchsiz va sharafsizlarni chiqaradi“, deb ularni haqorat qiladi. Bunga javoban Umar Payg‘ambardan Ibn Salulni o‘ldirish uchun izn so‘raydi. Lekin Payg‘ambar Muhammad birodarlarini o‘ldirtiryapti, degan malomatga qolmaslik uchun bunga rozi bo‘lmaydilar. Payg‘ambarning bu qarorlaridan bexabar bo‘lgan Abdulloh ibn Abdulloh Ul Zotning oldilariga borib, agar otasi o‘ldiriladigan bo‘lsa, keyinchalik hissiyotga berilib intiqom olish maqsadida bir moʻminni o‘ldirib qo‘ymasligi uchun bu vazifani shaxsan o‘zi bajarishiga ruxsat berishlarini so‘raydi. Payg‘ambar unga ham ruxsat bermaydilar va otasi bilan yaxshi munosabatda bo‘lishini tavsiya qiladilar.


Otasi vafot etgach, Abdulloh ibn Abdulloh ham otasining vasiyati, ham uxroviy manfaatni ko‘zlab, Payg‘ambardan otasini kafanlash uchun ridolarini so‘raydi. Shuningdek, otasining janozasini o‘qib berishlarini ham iltimos qiladi. Payg‘ambar Abdulloh ibn Abdulloh mansub bo‘lgan xazrajliklarni Islomga yanada moyil qilish maqsadida ridolarini beradilar va mayyitga janoza o‘qib berish taklifini ham qabul qiladilar. Lekin Umar bu ishga qattiq eʼtiroz bildiradi. Shunda, "Tavba" surasining 84-oyati nozil bo‘lib, munofiqlarning janozasini o‘qish taqiqlanadi.


Abdulloh ibn Abdullohdan Oysha hadis rivoyat qilgan. U Musaylama Kazzobga qarshi bo‘lib o‘tgan Yamoma jangida shahid bo‘lgan.



Adabiyotlar




Manbalar















uz.wikipedia.org

Uzpedia.uz