Abdulloh ibn Abdulhakam
Abdulloh ibn Abdulhakam (arabcha: عبد الله بن عبد الحكم — Abu Muhammad Abdulloh ibn Abdulhakam ibn Aʼyon ibn Lays al-Molikiy) — imom Molikning peshqadam shogirdlaridan.
Hayoti
Oilasi asli Qizil dengiz sohilidagi Ayla (Aqaba)dan 16 mil masofa uzoqlikda joylashgan Haql qishlog‘idan. Shu bois u al-Haqliy nisbasi bilan ham zikr qilinadi. Bobosi A’yon Misrga kelib, Iskandariyaga joylashadi va katta boylikka ega bo‘ladi. Abdullohning otasi Abdulhakam shu yerda tug‘iladi, faqih bo‘lib yetishadi va shu yerda vafot etadi. Baʼzi manbalarda Abdulloh ibn Abdulhakamning tavallud sanasi sifatida 154/771 va 156/773-yillar ham ko‘rsatilgan. Otasi va mintaqaning peshqadam olimlaridan dars olgan Abdulloh ibn Abdulhakam keyinchalik ilmini oshirish maqsadida Hijoz, Suriya, Iroq va Yaman mamlakatlariga safar qiladi. Imom Molik va u kishining peshqadam shogirdlaridan bo‘lgan Ashhab al-Qaysiy, Ibn Vahb, Ibn al-Qosim kabi olimlardan hadis hamda fiqhdan tahsil oladi. Imom Molikdan "Al-Muvatto"ni tinglaydi. U, shuningdek, Asad ibn Furot, Ismoil ibn Ayyosh, Imom ash-Shofe’iy, Abdurrazzoq as-San’oniy, Abdulloh ibn Maslama al-Qa’nabiy, Sufyon ibn Uyayna, Ibn Ulayya, Abdulloh ibn Lahi’a, Lays ibn Sa’d kabi ko‘plab olimlardan hadisdan dars olgan. Hadis munaqqidlari fikricha siqa va sodiq sifatida baholangan Abdulloh ibn Abdulhakamdan o‘g‘illari Muhammad, Abdurrahmon, Abdulhakam va Saʼdlar bilan bir qatorda, Abu Yazid al-Qarotisiy, Ibn Habib, Ibn Numayr, Ibn al-Mavvoz, Rabi’ ibn Sulaymon al-Jiyziy, Abdulloh ibn Abdurrahmon ad-Dorimiy, Sahnun ibn Sa’id, Horun ibn Ishoq al-Hamadoniy kabi olimlar hadis rivoyat qilganlar.
Abdulloh ibn Abdulhakam Misrda ilmiy mavqeidan tashqari siyosat sohasida ham mashhur bo‘lgan. Chunonchi, uning tavsiyasi bilan Valiy Abdulloh ibn Tohir tomonidan Iso ibn al-Munkadir Misrga qozi etib tayinlangan (211/826-yil). 214/829-yilda xalifa Maʼmun ukasi Mu’tasimni Misrga voliy etib tayinlaydi. Bundan norozi bo‘lganlarning istagiga ko‘ra, Qozi Ibn al-Munkadir xalifaga maktub yozadi. Maktubdagi noxushlikdan xabar topgan Mu’tasim qozini ishdan bo‘shatadi va uning yaqin do‘sti Abdulloh ibn Abdulhakamni ham maktub yozilishida qo‘li bor, deya hibsga oladi. Holbuki, Abdulloh ibn Abdulhakam qoziga mazkur maktubni xalifaga yubormaslikni tavsiya etgan edi.
Vafoti
Qamoqda azoblangan Abdulloh ibn Abdulhakam aksar manbalarga ko‘ra, 829-yil 22 noyabr (214-yil 21 ramazon oyi)da, Ibn Hibbonning taʼkidlashiga ko‘ra esa, 213/829-yilda vafot etadi va Imom ash-Shofeʼiyning qabri yoniga dafn etiladi. Vafotidan so‘ng fatvo berish maqomiga o‘g‘li Muhammad o‘tadi. Abu-l-Arab at-Tamimiy Abdulloh ibn Abdulhakamning Mihna hodisasi vaqtida yoqilib o‘ldirilganiga doir rivoyatni naql qilsa-da (Kitāb al-mihan, 258-yil), Mihna hodisasi uning vafotidan keyin sodir bo‘lgani mazkur rivoyatni inkor etadi. Biroq Abdulloh ibn Abdulhakamning o‘g‘illari bu hodisa vaqtida so‘roqqa tortilgan, katta o‘g‘li Abdulhakam iskanja ostida vafot etgan.
Ijodi
Abdulloh ibn Abdulhakam o‘z davrida Imom Molik mazhabi fiqhi va uslubiyati bilimdonlaridan biri sifatida eʼtirof etilgan. Ustozlarining hukm chiqarishda qo‘llagan usullarini yaxshi bilgani va yangi masalalarni yechishda ulardan foydalangani bilan o‘zgalar eʼtiborini tortgan. Imom Molik fiqhini kelgusi avlodga yetib kelishida Ashhab al-Qaysiydan keyin Misrda molikiy mazhabining fatvo beruvchisi bo‘lgan Abdulloh ibn Abdulhakam, chiqargan fatvolari va asarlari bilan Imom Molik fiqhini o‘zidan keyingi avlodlarga qoldirgan hamda molikiy mazhabining yoyilishida xizmat qilgan.
Abdulloh ibn Abdulhakamning "Al-Muxtasar al-kabӣr" nomli asari bag‘dodlik molikiylar tomonidan madrasalarda asosiy manba sifatida o‘qitilgan. Qozi Iyozning maʼlum qilishicha, molikiy mazhabiga oid kitoblar qatorida "Al-Muvatto" va "Al-Mudavvana"dan so‘ng, Abdulloh ibn Abdulhakamning "Muxtasar"idek hurmat qozongan boshqa asar bitilmagan. Biroq uning Imom Molikdan qilgan rivoyatlari mazhab ichida Ibn al-Qosim, Ashhab al-Qaysiy va boshqalarning rivoyatlaridek ishonchli deb topilmagan. Abdulloh ibn Abdulhakamning do‘sti bo‘lgan Imom ash-Shofeʼiy 199/815-yil Bag‘doddan Misrga safar qilganida uning uyida mehmon bo‘lgan. Imom ash-Shofeʼiy u yerda bo‘lganida Abdulloh ibn Abdulhakamdan iltifot ko‘rgan va uning yonida vafot etgan. Abdulloh ibn Abdulhakam Imom ash-Shofeʼiyning kitoblarini yozgan va o‘g‘li Muhammadni uning darslariga qatnashini taʼminlagan.
Asarlari
Shuningdek, "Al-Masāil va ajvibatuhā", "Al-Ahvāl", "Al-Manāsik", "Al-Qazā fi-l-bunyān" kabi asarlar ham unga nisbat berilgan[1].
Adabiyotlar
Manbalar
uz.wikipedia.org