Abdulloh Abdulloh
Abdulloh Abdulloh (عبدالله عبدالله, 5-sentyabr 1960) — Afgʻoniston hukumati rahbari – Vitse-prezidenti 2001—2005-yillarda Tashqi ishlar vaziri.
Abdulla Abdulla - taniqli afgʻon siyosatchisi. 1960-yilning 5-sentyabrida Kobulda pushtun-tojik oilasida tugʻilgan. Onasi Panjshir vodiysidan, otasi Qandahordan boʻlib, Muhammad Zohirshoh davrida yuqori davlat lavozimlarida faoliyat yuritgan, xususan, Meshrano jirgʻa aʼzosi boʻlgan. Abdulla 1983-yilda Kobul universitetining tibbiyot fakultetini tamomlagan. Shu bois u “doktor” taxallusini olgan. Maʼlum muddat Peshovar (Pokiston)da afgʻon qochoqlariga xizmat koʻrsatuvchi kasalxonada ishlagan va afgʻon mujohidlariga qoʻshilgan. Mujohidlarning mashhur dala qoʻmondoni Ahmadshoh Masʼudning maslahatchisi va yaqin yordamchisi boʻlgan. “Afgʻoniston islom jamiyati” nazoratidagi mamlakatning shimoli-sharqiy hududlarida sogʻliqni saqlash ishlariga rahbarlik qilgan. 1992—2001-yillarda Burxoniddin Rabboniy hukumatida Mudofaa vazirligining rasmiy vakili, Tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari va vaziri lavozimlarida faoliyat yuritgan. 2001—2005-yillarda Karzay maʼmuriyatida Tashqi ishlar vaziri boʻlgan. 2006—2009-yillarda Ahmadshoh Masʼud nomidagi xayriya jamgʻarmasiga rahbarlik qilgan. 2014—2020-yillarda “Milliy birlik hukumati”da ijro etuvchi hokimiyatning boshligʻi boʻlgan. U deyarli barcha prezidentlik saylovlarida (2009, 2014 va 2019) oʻz nomzodini qoʻygan. Uning tarafdorlari 2019-yildagi saylov natijalarini tan olmadi va Abdulla Abdullani gʻolib deb eʼlon qildi. Natijada 2020-yil 9-mart kuni Kobulda ham Abdulla Abdulla, ham Ashraf Gʻanining inauguratsiyasi, yaʼni prezidentlik lavozimiga oʻtirish marosimi boʻlib oʻtdi. Uzoq tortishuvlar, afgʻon va xalqaro vositachilarning aralashuvi bilan ikki tomon “Oʻzaro hamkorlik va hokimiyat vakolatlarini taqsimlash boʻyicha kelishuv”ga erishdi. Abdulla Abdulla “Tolibon” harakati bilan muzokaralarni olib borishga masʼul hisoblangan “Milliy yarashuv oliy kengashi” raisi etib tayinlandi. Dariy, pashtu, arab, ingliz va fransuz tillarida soʻzlashadi. Oilali, toʻrt farzandi bor. Sheʼriyat ixlosmandi.
Manbalar
uz.wikipedia.org