ABDULLAYEV
ABDULLAYEV Abdulhaq Oqsoqolovich (1918.30.12, Turkiston shahri) — rangtasvir ustasi. O’zbekiston xalq rassomi (1968), O’zbekiston BA faxriy a’zosi (1997). Samarqand badiiy bilim yurtida (1931 — 36) va Moskva badiiy institutida (1938 — 41) ta’lim olgan. Ijodini manzara va portretlar chizish bilan boshlagan (“Hovuz bo’yida”, 1932; “Yoz”, 1937; “Do’stim portreti”, 1937). Kishilarning holat va kayfiyati, ma’naviy, yorkin qiyofalari mohirona ifodalangan portretlari b-n mashhur: “Abror Hidoyatov Otello rolida” (1946), “Mannon Uyg’ur” (1946), “Oybek” (1949), “Nazarali Niyozov” (1949), “Jiyan Shaxlo” (1959), “Komil Yashin” (1960), “Navoiy” (1973), “Yo. To’raqulov” (1975), “O. Sodiqov” (1978) va boshqalar; shuningdek ruhiy dunyosi va kechinmalari ifodali tasvirlangan (“Muallif portreti”, 1937; “Muallifning qirg’iz qalpok kiygan portreti”, 1980; “Muallifning 15-asr kiyimidagi portreti, 1984 va boshqalar) bir qator avtoportretlar ham yaratdi. Manzaralar (“Yomg’irdan so’ng”, 1954; “Bahor keldi”, 1955; “Xumsonda”, 1961 va boshqalar), natyurmortlar (“Olma”, 1962; “Uzum va shaftoli”, “Qovun bilan Xandalak”, 80-yillar va boshqalar) muallifi. 1957 yil Hindiston safari taassurotlari asosida bu o’lka manzaralari (“Tongda Tojmahal”), kishilari (I. Gandi, S. Ketchlu) ni etyud va kartinalarida aks ettirgan. 80-yillarda O’zbekistonning mashhur kishilarining portretlarini ishladi. Asarlari xalqaro ko’rgazmalarda namoyish kilingan. Navoiy portretini yaratish ustida izlanishlar mahsuli sifatida yuzaga kelgan asarlari Toshkentdagi adabiyot muzeyida (1968), Andijon adabiyot va san’at muzeyida (1969), O’zbekiston san’at muzeyida (1980-84) va boshqa joylarda saqlanadi. Hamza nomidagi O’zbekiston Davlat mukofoti laureati (1977). “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirlangan (1998). Ad.: A. Abdullayev: albom reproduktsiy, T., 1983.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz